Logo

O‘zbekistonlik talabalar Turkiya Parlamentiga ekskursiya uyushtirdi

Fevral 13, 2026. 09:00 • 3 daq

16
O‘zbekistonlik talabalar Turkiya Parlamentiga ekskursiya uyushtirdi
O‘zbekistonlik talabalar Turkiya Parlamentiga ekskursiya uyushtirdi
O‘zbekistonlik talabalar Turkiya Parlamentiga ekskursiya uyushtirdi
O‘zbekistonlik talabalar Turkiya Parlamentiga ekskursiya uyushtirdi
O‘zbekistonlik talabalar Turkiya Parlamentiga ekskursiya uyushtirdi
O‘zbekistonlik talabalar Turkiya Parlamentiga ekskursiya uyushtirdi

ANQARA, 13-fevral. /“Dunyo” AA/. Turkiyadagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar Turkiya Buyuk Millat Majlisi (Parlament)ga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu ekskursiya xorijda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba-yoshlarning jamoatchilikda faolligini oshirish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishini taʼminlash maqsadida tashkil etildi.

Turkiya Buyuk Millat Majlisi (TBMM) 1920-yilda Usmoniylar Imperiyasining Ittifoqchi davlatlar tomonidan bosib olingani va natijada Majlisi Mabuson (Usmoniy deputatlar majlisi)ning yopilishiga qarshilik ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan.

Tashrifdan ko‘zlangan maqsad – turk oliy taʼlim muassasalarida siyosat, huquqshunoslik va jamiyatshunoslik kabi sohalarda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarni Turkiyaning eng nufuzli idoralaridan biri sanalgan TBMM tarixi va uning faoliyati bilan yaqindan tanishtirishdir.

Talabalar ushbu tashkilotda Turkiyada qonun ishlab chiqarish tamoyillari, xalqaro shartnomalarning ratifikatsiya qilinishi, ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy qarorlarning qabul qilinishi, harbiy va favqulodda holat eʼlon qilish haqida ko‘nikmalariga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, Turkiya qonunchiligining ishlab chiqilishi, deputatlarning qay tartibda saylanishi hamda ularning parlamentdagi o‘rni haqida maʼlumotlar bilan tanishdi.

“Suverenitet so‘zsiz va shartsiz millatnikidir!” Turkiya Respublikasining birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturkning mazkur tarixiy so‘zlari bilan bezatilgan va shohsupadan joy olgan deputatlarning Umumiy Yig‘ilish zalida talabalarga parlament maʼmuriyati tomonidan yig‘ilishlarning o‘tkazilish sxemasiga oid taqdimot namoyish qilindi. Talabalarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi.

Tashrifning ikkinchi qismida Parlament ichki binosiga ekskursiya tashkil etildi. Ekskursiya davomida, talabalar hozirgi kunda hukumat iqtidorini o‘z ko‘lida ushlab turgan hamda bosh muxolifat va kichik partiya fraksiyasi vakillarining ishlash tartiblariga oid ko‘nikmalarga ega bo‘ldi.

Turkiyaning asosiy tamoyillaridan biri davlat hokimiyati to‘liq xalqqa tegishli ekanida. Buni parlament binosiga tashrif buyurgan mahalliy xalqning ko‘pligi va fuqarolarning Parlament ichida erkin harakatlana olishlari uchun alohida maxsus hududlarning tashkil etilganida namoyon bo‘lgan deyish mumkin. 

2016-yil 15-iyul sanasida Turkiyada sodir bo‘lgan davlat to‘ntarishi oqibatida zarar ko‘rgan Parlament binosi qismlari qayta taʼmir qilinmasdan o‘z holicha qoldirilgani talabalarning eʼtiborini tortdi.

Ushbu davlat to‘ntarishi vaqtida Parlament binosiga qiruvchi F-16 samolyotlari orqali otilgan 3 dona snaryad kelib urilgan.

Parlament maʼmuriyatining taklifiga binoan talafot ko‘rgan joylar tarix yoddan chiqarmaslik va turk xalqi qahramonligining ramziy ishorasi sifatida o‘zgartirishlarsiz qoldirilgan.

Tashrif “O‘zbekiston va Turkiya Parlamentlararo do‘stlik guruhi” maslahatchilari bilan tanishish, guruh faoliyati haqida maʼlumot olish bilan boyitildi. Talabalarimizning taklifiga binoan, parlament vakillari bilan yaqindan aloqa o‘rnatish, ularning Anqarada talabalarimiz tomonidan tashkil etilib kelinayotgan “O‘zbekiston milliy kunlari” kabi tadbirlarda ishtirok etishi taklif etildi.

Tashrif yakunida, O‘zbekiston–Turkiya munosabatlari haqida mushohada qilinib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 29-yanvar sanasidagi Turkiyaga amaliy tashrifi va kun tartibiga olingan mavzular, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi imzolangan hukumatlararo bitimlar yuzasidan fikr almashildi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish