O‘zbekiston va IHTT o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi
Fevral 07, 2026. 13:00 • 2 daq
• 167PARIJ, 10-fevral. /“Dunyo” AA/. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT)ning Parij shahridagi bosh qarorgohida “IHTTning Yevroosiyo haftaligi – 2026” tadbirlari bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Haftalikda O‘zbekiston Prezidentining Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha vakili Azizbek O‘runov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Delegatsiya aʼzolari tarkibidan Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining birinchi o‘rinbosari Feruza Hamidova, Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev hamda respublikaning boshqa davlat idoralari vakillari o‘rni oldi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad – Yevroosiyo va IHTT mamlakatlari o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash, mintaqaning raqobatbardoshligi va uning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotiga taʼsir ko‘rsatadigan keng ko‘lamli masalalar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishdan iborat bo‘ldi.
Forum doirasida qator dolzarb mavzularda yalpi majlislar bo‘lib o‘tdi. Unda vakillarimiz mamlakatimizda ochiq va raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish, bozor islohotlarini chuqurlashtirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish xususida to‘xtalib o‘tdi.
Forum doirasida O‘zbekiston Hukumati va IHTT o‘rtasida mamlakatimizning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvining yangi bosqichini boshlab beruvchi Anglashuv memorandumi imzolandi.
Ushbu hujjat investitsiya muhitini rivojlantirish, raqamlashtirish, korrupsiyaga qarshi kurashish, yashil energetika va boshqa 19 ta ustuvor yo‘nalishni qamrab olgan.
Memorandumga ko‘ra, o‘zbek biznesi IHTT tahlillari va eng yaxshi amaliyotlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi, bu esa investorlarning raqobatbardoshligi va ishonchini oshiradi.
O‘zbekiston 50 dan ortiq davlat tomonidan tan olingan IHTTning Xalqaro investitsiyalar va ko‘p millatli korxonalar to‘g‘risidagi deklaratsiyasiga qo‘shilish uchun ariza topshirdi. Bu mamlakatimizning global reytinglardagi o‘rnini mustahkamlab, investorlar uchun qo‘shimcha kafolatlar yaratadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



