Logo

“The i Paper”: O‘zbekistonga kelgan sayyohlar sovuq mavsumda ham iliq taassurotlarga ega bo‘lmoqda

Fevral 13, 2026. 09:05 • 2 daq

1
“The i Paper”: O‘zbekistonga kelgan sayyohlar sovuq mavsumda ham iliq taassurotlarga ega bo‘lmoqda

LONDON, 13-fevral. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyaning “The i Paper” elektron nashrida afsonaviy Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan O‘zbekiston shaharlariga qishki sayohat haqida reportaj eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqola muallifining taʼkidlashicha, qishki tashrif tarixiy shaharlarning ulug‘vor meʼmorchiligi va o‘ziga xos muhitidan xotirjam bahramand bo‘lish imkonini beradi.

Sovuq mavsumda ham O‘zbekistonda “qaynoq” taassurotlarni uchratish mumkin. Markaziy Osiyoning eng muhim islom madaniyati markazlaridan biri bo‘lgan Buxoroda 500 yildan ortiq faoliyat yuritayotgan Bozori Kord hammomi mavjud. Bu yerda, bug‘li parida sayohatchi haqiqiy qishki hashamatni – issiqlik, qulaylik va dam olish imkoniyatini his qiladi.

O‘zbekistonda qish fasli diqqatga sazovor joylarni tomosha qilishga xalaqit bermaydi. O‘tgan yilning yanvar–sentyabr oylarida sayyohlar oqimi 2019-yilga nisbatan 73 foizga oshdi. Bunga 90 dan ortiq mamlakat fuqarolari uchun vizasiz rejim, iqtisodiy islohotlar va transport qulayligining yaxshilanishi yordam berdi. Xorijlik mehmonlarning aksariyati bahor va kuzni afzal ko‘radi, qishda esa tarixiy shaharlardan nisbatan yolg‘izlikda bahramand bo‘lish mumkin.

Muallif Buxoro va Samarqandda bo‘lib, u yerda qadimiy anʼanalar va zamonaviy qulaylik uyg‘unligini payqagan. Buxoroda “Malika Sultan Gold embroidery” ustaxonasida bo‘ldi. Bu yerda o‘n beshinchi avlod ustalari zardo‘zlikni davom ettirmoqda. Samarqandda jurnalist Registon maydonida sayr qilib, mashhur madrasa va Amir Temur maqbarasini ko‘zdan kechirdi.

Sayohat shaharlar o‘rtasida tezyurar poyezdlarda sayohat qilish, o‘zbek taomlari, hunarmandchiligi va qishki ko‘ngilochar tadbirlari bilan tanishish, jumladan, Tyan-Shan tog‘larida qorda yurish bilan bog‘liq edi. Muallif sovuq bo‘lishiga qaramay, odamlarning iliqligi, mehmondo‘stligi va to‘yimli taomlari qishki Ipak yo‘lini unutilmas qilganini taʼkidlaydi.

“The i Paper”dayozilganidek, O‘zbekistonda qish fasli sayyohlik mavsumlarisiz qadimiy shaharlarni kashf etish va Ipak yo‘li muhitini chinakamiga his qilish uchun noyob imkoniyatdir.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish