O‘zbekistonlik talabalar yurtimizning Pokistondagi elchixonasida amaliyot o‘tamoqda
Sentabr 02, 2026. 18:00 • 2 daq
• 66
ISLOMOBOD, 2-sentyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalarining bir guruh talabalari yurtimizning Pokistondagi elchixonasida o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashqi siyosiy faoliyat uchun yetuk va malakali kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xalqaro munosabatlar yo‘nalishlarida tahsil olayotgan iqtidorli talabalarni mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga amaliyotga yuborish tajribasini yo‘lga qo‘ydi.
Mazkur loyiha doirasida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabalari O‘zbekistonning Pokistondagi elchixonasida kasbiy ko‘nikmalarini boyitmoqda.
Talabalar elchixona faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, kundalik diplomatik ishlar hamda xalqaro munosabatlarning amaliy jihatlarini o‘rganmoqda. Ular diplomatik protokol qoidalarini qo‘llash, xalqaro huquq meʼyorlarining amaliy mexanizmlarini o‘rganish, ikki tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo‘yicha siyosiy va iqtisodiy tashabbuslar hamda takliflarni ishlab chiqishda qatnashayapti.
Shu bilan birga, talabalar muzokaralar olib borish usullari, diplomatik yozishmalar tartib-qoidalari, rasmiy xatlar va diplomatik notalar almashish tartibi bo‘yicha bilimlarini ham oshirmoqda.
Amaliyotchi talabalar O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan elchixona tomonidan Pokistonda tashkil etilayotgan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish jarayonlarida ham faol ishtirok etdi.
O‘zbekistonlik talabalarning mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida amaliyot o‘tashi ularga nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirish imkonini bermoqda. Bu esa talabalarning kelgusidagi kasbiy faoliyati uchun muhim tajriba bo‘lib xizmat qiladi.
Talabalarning Pokistondagi o‘quv-amaliy mashg‘ulotlari 12-sentyabrgacha davom etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi