O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘ydi

Sentabr 02, 2026. 14:55 • 2 daq

45
O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘ydi

TOSHKENT, 2-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Bugun Toshkent shahrida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovni xotirlash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Birinchi Prezidentimiz haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.

Islom Karimov mamlakatimiz tarixining g‘oyat murakkab va masʼuliyatli davrida O‘zbekistonga rahbarlik qildi. Uning nomi mustaqillikning qo‘lga kiritilishi, milliy davlatchiligimizning tiklanishi va yurtimizning mustaqil taraqqiyot yo‘liga chiqishi bilan uzviy bog‘liq.

Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimiz, muqaddas dinimiz, ona tilimiz, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi.

Istiqlol tufayli biz o‘zligimizni angladik, nomi hamisha eʼzozda bo‘lgan ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik.

Shu maʼnoda, mustaqilligimizning poydevorini yaratishga, mamlakatimiz tinchligi va barqarorligini taʼminlashga, xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qilishga katta hissa qo‘shgan insonlar xotirasini eʼzozlash muhim maʼnaviy qadriyatdir.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning eʼtibori bilan Birinchi Prezidentimizning xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Toshkentda Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy yodgorlik majmuasi tashkil etildi.

Samarqandga tashriflar chog‘ida uning maqbarasini ziyorat qilish ezgu anʼanaga aylandi.

Marosimda Qurʼon tilovat qilinib, duo o‘qildi. Islom Karimovning mamlakatimiz mustaqilligi, tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, xalq farovonligini yuksaltirish yo‘lidagi xizmatlari yodga olindi.

Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar vakillari, ziyolilar va Toshkent shahri jamoatchiligi ham Birinchi Prezidentimiz haykali poyiga gullar qo‘ydi.

Xotira tadbirlari Samarqand va Qarshi shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish