Xirosima aholisi atom bombardimonining 81 yilligi munosabati bilan jahon yetakchilarini yadro qurolini yo‘q qilishga chaqirdi

Avgust 07, 2026. 11:00 • 2 daq

70
Xirosima aholisi atom bombardimonining 81 yilligi munosabati bilan jahon yetakchilarini yadro qurolini yo‘q qilishga chaqirdi

TOSHKENT, 7-avgust. /“Dunyo” AA/. Kecha kuchayib borayotgan global keskinlik fonida Xirosima aholisi jahon yetakchilarini yadro qurolini yo‘q qilishga daʼvat etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“Kyodo News” axborot portali maʼlumotiga ko‘ra, 1945-yil 6-avgust kuni Amerika bombardimonchi samolyoti “Enola Gey” shaharga uran bombasini tashlagan vaqt – ertalab soat 8:15 da bir daqiqalik sukut saqlangan. Bu fojia oqibatida yil oxirigacha 140 mingga yaqin odam halok bo‘lgan edi.

Marosim portlash epitsentri yaqinida joylashgan Tinchlik yodgorlik bog‘ida bo‘lib o‘tdi.

“Yadro qurolining g‘ayriinsoniyligini eʼtibordan chetda qoldirish oxir-oqibat Xirosima yoki Nagasaki fojialarining takrorlanishiga olib kelishi mumkin”, – deya taʼkidladi Xirosima meri Kadzumi Matsui har yilgi xotira marosimida o‘qib eshittirilgan Tinchlik deklaratsiyasida.

Uning bu ogohlantirishi Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma bo‘yicha so‘nggi ko‘rib chiqish anjumanida umumiy kelishuvga oid hujjatni ishlab chiqish imkoni bo‘lmaganidan so‘ng yangradi.

Xirosimadagi marosimda 121 mamlakat va mintaqa hamda Yevropa Ittifoqi vakillari ishtirok etdi.

Bosh vazir Sanae Takaichi o‘z nutqida Yaponiya yadro quroliga ega bo‘lmaslik bo‘yicha uch tamoyilga sodiq qolishini hamda urush davrida yadroviy falokat dahshatlarini boshdan kechirgan yagona mamlakat sifatida yadro qurolidan xoli dunyo yaratish yo‘lida astoydil harakat qilishni o‘z burchi deb bilishini taʼkidladi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning bayonotida “bo‘linish o‘rniga muloqotni” afzal ko‘rishga chaqirilgan. Bayonotni Bosh kotib o‘rinbosari, qurolsizlanish masalalari bo‘yicha Oliy vakil Idzumi Nakamitsu o‘qib eshittirdi.

“Kyodo News” surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish