Oltoy Respublikasidan O‘zbekistonga 30 ming boshga yaqin qoramol yetkazib berildi
Avgust 07, 2026. 12:00 • 2 daq
• 25
NOVOSIBIRSK, 7-avgust. /“Dunyo” AA/. Tog‘li Oltoydan O‘zbekistonga navbatdagi chorva mollari yuborildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi maʼlumotiga ko‘ra, Rossiyaning Oltoy Respublikasi bugungi kunda mamlakatimizning chorvachilik, jumladan, naslchilik yo‘nalishidagi asosiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. Ushbu hududdan mamlakatimizga yirik shoxli qoramollarni yetkazib berish ishlari samarali davom etmoqda.
O‘tgan yil hamda 2026-yilning dastlabki davrida Oltoydan O‘zbekistonga 30 ming boshga yaqin qoramol yetkazib berildi. Eʼtiborlisi, hozirgi vaqtda ushbu mintaqada yirik shoxli qoramollarni eksport qilish huquqiga ega 6 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
2025-yil may oyida O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi va Oltoy Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘rtasida chorvachilik sohasidagi hamkorlik bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzilgan edi.
Bunda O‘zbekistonga otlar, qoramollar va echkilarni yetkazib berish hajmini oshirish muhim ahamiyatga ega. Xususan, Oltoydagi “Kayral” MCHJ Qashqadaryo viloyatining “Naslchilik” kompaniyasi bilan faol sheriklikni davom ettirmoqda. 2025-yilda O‘zbekistonga “Tog‘li Oltoy” zotiga mansub 2 300 bosh echki olib kelindi. 2024-yilda esa bu ko‘rsatkich 930 boshni tashkil etgan edi.
Mamlakatimizga “Simmental” va “Gereford” zotli qoramollar hamda mayda shoxli chorva mollarini yetkazib berishda sezilarli o‘sish kuzatilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi