Toshkent va Riga o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini Boltiqbo‘yi mamlakatlariga eksport qilish istiqbollarini muhokama qilmoqda

Iyul 18, 2026. 16:30 • 2 daq

104
Toshkent va Riga o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini Boltiqbo‘yi mamlakatlariga eksport qilish istiqbollarini muhokama qilmoqda

RIGA, 18-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida to‘qimachilik sohasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati va istiqbollariga bag‘ishlangan onlayn uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda O‘zbekiston Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi vakillari, Latviyaning to‘qimachilik mahsulotlari importchilari hamda yurtimizning Riga shahridagi faxriy konsuli Viktor Galperin ishtirok etdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining imkoniyatlari, eksport salohiyati hamda Yevropa Ittifoqi bozori bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollari yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

Latviya tomoni o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirib, mamlakatimiz to‘qimachilik mahsulotlarining sifati, raqobatbardoshligi va Yevropa bozori talablariga mosligini yuqori baholadi.

Shuningdek, muloqotda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish yo‘llarini yo‘lga qo‘yish, barqaror distributsiya tarmoqlarini shakllantirish, ishonchli hamkorlarni jalb etish hamda o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini Boltiqbo‘yi bilan bir qatorda Skandinaviya bozorlarida ham faol targ‘ib qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro ko‘rgazma va biznes-forumlarda ishtirokini taʼminlash, import qiluvchilar va savdo tarmoqlari bilan B2B uchrashuvlarini tashkil etish hamda uzoq muddatli sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida joriy yilning oktyabr–noyabr oylarida agentlik va yirik mahalliy to‘qimachilik korxonalari rahbarlaridan iborat delegatsiyaning Boltiqbo‘yi davlatlariga tashrifini tashkil etish hamda import qiluvchilar va distribyutorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish