“The Gulf Observer”: O‘zbekistonda iqtidorli rahbar kadrlar tayyorlashda yangi yondashuvlar amalga oshirilmoqda

Iyul 18, 2026. 15:00 • 2 daq

93
“The Gulf Observer”: O‘zbekistonda iqtidorli rahbar kadrlar tayyorlashda yangi yondashuvlar amalga oshirilmoqda

ISLOMOBOD, 18-iyul. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The Gulf Observer” nashrida O‘zbekiston Prezidenti boshchiligida iqtidorli boshqaruvchilar, liderlar va yangi avlod rahbarlarini aniqlash hamda istiqbolli kadrlarni tayyorlash bo‘yicha tashkil etilgan tadbirga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Pokiston nashri O‘zbekistonda professional davlat xizmati va raqobatbardosh iqtisodiyot uchun zarur kadrlarni oldindan tayyorlash tizimi tubdan yangilanayotganini yuqori baholagan.

Maqolada yozilishicha, mamlakatga har yili 50 milliard dollardan ziyod investitsiya kirib kelayotgani va eksport hajmi 40 milliard dollarga yaqinlashayotgani sharoitida zamonaviy boshqaruvchilarni yetishtirish strategik ahamiyat kasb etmoqda.

Muallif O‘zbekistonda sunʼiy intellekt va katta maʼlumotlar (Big Data) yordamida 50 dan ortiq zamonaviy kasb bo‘yicha kadrlarga ehtiyoj aniqlanganiga xorijiy ekspertlar eʼtiborini qaratgan. Ayniqsa, energetika, “yashil” texnologiyalar, urbanizatsiya va raqamlashtirish sohalarida malakali mutaxassislarga talab yuqoriligi qayd etilgan.

Shuningdek, materialda kadrlarni baholashda eskicha “obyektivka” usulidan voz kechilib, nomzodning liderlik qobiliyati va strategik fikrlashini qamrab oluvchi 100 ballik raqamli portfolio tizimi joriy etilayotgani eʼtirof etilgan. Ushbu yangi tizim orqali O‘zbekistonda 2030 yilga qadar 1,5 ming nafar yuqori salohiyatli mutaxassisdan iborat yangi avlod rahbar kadrlar zaxirasi yaratiladi.

Material xulosasida O‘zbekistonning milliy kadrlar zaxirasini shakllantirishda xorijdagi vatandoshlar va dunyoning eng nufuzli 100 ta universiteti yoshlarini “career.edu.uz” raqamli platformasi orqali vatan taraqqiyotiga jalb etilayotgani qayd etilgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish