O‘zbekistonda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni bo‘yicha Toshkent shahri yetakchi

Oktabr 16, 2026. 14:30 • 2 daq

• 75
O‘zbekistonda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni bo‘yicha Toshkent shahri yetakchi

TOSHKЕNT, 16-oktabr. /“Dunyo” AA/. 2026-yil 1-sentabr holatiga ko‘ra, poytaxtimizda xorijiy kapital ishtirokidagi 13 ming 412 ta korxona ro‘yxatga olingan, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, respublikada xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi 21 ming 490 ta korxona va tashkilot faoliyat yuritmoqda.

Ularning soni bo‘yicha 13 ming 412 ta korxona ro‘yxatga olingan Toshkent shahri yetakchilik qilmoqda. Ikkinchi o‘rindan 2 ming 997 ta korxona bilan Toshkent viloyati joy olgan. Uchinchi o‘rinni Samarqand viloyati (776 ta korxona) egallab turibdi.

Xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar eng ko‘p bo‘lgan hududlar qatoriga Farg‘ona (678 ta), Surxondaryo (653 ta) va Andijon (528 ta) viloyatlari ham kiradi.

Xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar soni Buxoro viloyatida 457 ta, Sirdaryoda 351 ta, Navoiyda 336 ta, Namanganda 331 ta, Jizzaxda 290 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 271 ta, Xorazm viloyatida 216 ta va Qashqadaryo viloyatida 194 tani tashkil etgan.

Shunday qilib, korxonalarning mamlakat hududi bo‘ylab taqsimlanishi notekisligicha qolayotgan bo‘lsa-da, xorijiy investitsiyalar O‘zbekistonning barcha hududlarini qamrab olgan. Bunday korxonalar umumiy sonining qariyb 62,4 foizi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ekspertlarning fikricha, mamlakatning barcha hududlarida xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarning mavjudligi investitsiyaviy hamkorlik geografiyasini kengaytirish uchun zamin borligidan dalolat beradi.

Eslatib o‘tamiz, 1-sentabr holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxonalar soni bo‘yicha Xitoy boshqa davlatlar orasida birinchi o‘rinni egallab turibdi. Bugungi kunda mamlakatimizda Xitoy investitsiyalari ishtirokidagi 6 ming 436 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish