Shvetsiya kompaniyasi aloqa sohasida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishini ma’lum qildi

Oktabr 16, 2026. 13:00 • 2 daq

• 62
Shvetsiya kompaniyasi aloqa sohasida O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishini ma’lum qildi

STOKGOLM, 16-oktabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning mutasaddi idoralari vakillari hamda Shvetsiyaning “Ericsson” telekommunikatsiya kompaniyasi rahbarlari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralarda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari, “Ericsson” kompaniyasining Janubiy Yevropa va Yevroosiyo bo‘yicha rahbari Andrea Missori hamda Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bo‘yicha rahbari Aydin Abjanbekov ishtirok etdi.

Kompaniya vakillari O‘zbekistonga strategik jihatdan muhim bozorlardan biri sifatida qarashini va mamlakatimizda o‘z faoliyatini rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Tomonlar 5G tarmoqlarini rivojlantirish, radioaloqa tizimlari va tayanch telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish bo‘yicha mahalliy mobil operatorlar bilan hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi.

“Ericsson” mobil tarmoqlar uchun apparat va dasturiy yechimlar, raqobatbardosh tijoriy shartlar hamda zarurat tug‘ilganda, xalqaro moliya institutlarini jalb etgan holda moliyalashtirish mexanizmlarini taklif etishga tayyorligini ma’lum qildi.

O‘zbekiston tomoni mamlakat telekommunikatsiya bozori xorijiy kompaniyalar va investorlar uchun ochiq ekanini ta’kidladi.

Uchrashuv yakunida tomonlar 2026-yil oxiriga qadar “Ericsson” delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish va tegishli vazirliklar hamda mahalliy mobil operatorlar bilan muzokaralar o‘tkazishga kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish