O‘zbekiston va Buyuk Britaniya ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni muhokama qildi

Oktabr 16, 2026. 12:00 • 2 daq

• 21
O‘zbekiston va Buyuk Britaniya ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni muhokama qildi

LONDON, 16-oktabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Buyuk Britaniyadagi elchixonasida O‘zbekistonning “Hamroh” kompaniyasi va “Youth Business International” (YBI) xalqaro ingliz tashkiloti vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar chog‘ida “Hamroh” kompaniyasi direktori o‘rinbosari Sardor Yusupov O‘zbekiston Prezidentining qarori bilan 2024-yilda ayollar tadbirkorligini tizimli qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan kompaniya faoliyati haqida to‘xtalib o‘tdi.

“Hamroh” ayollarga kasbiy va tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish, biznesni ochish va rasman ro‘yxatdan o‘tkazish, bandlikni ta’minlash hamda yangi bozorlarga chiqishga yordam beradi. O‘z biznesini kengaytirish va uning uzoq muddatli barqaror o‘sishini ta’minlashga intilayotgan tadbirkor ayollarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

YBI vakili Akinvunmi Akovonjo 2000-yilda 18 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan tashkilot faoliyati haqida so‘z yuritdi. Tashkilot biznes ko‘nikmalarini rivojlantirishga ko‘maklashadi, o‘quv dasturlari va mentorlik tadbirlarini o‘tkazadi, moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish va yangi bozorlarga chiqishga yordam beradi.

Tomonlar yosh tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash, mentorlik dasturlarini yo‘lga qo‘yish va O‘zbekiston hududlarida “Hamroh” imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarni muhokama qildi. Xalqaro moliya institutlari va donorlar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha o‘zaro hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganish va muntazam ishchi aloqalarni davom ettirishga kelishib oldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish