AQShda boshlang‘ich maktabda sodir bo‘lgan otishmada uch nafar bola va o‘qituvchi halok bo‘ldi

Oktabr 16, 2026. 15:00 • 2 daq

• 76
AQShda boshlang‘ich maktabda sodir bo‘lgan otishmada uch nafar bola va o‘qituvchi halok bo‘ldi

BЕND, 16-oktabr. /“Dunyo” AA/. AQShning Oregon shtatidagi Bend shahrida joylashgan “Silver Rail Elementary” boshlang‘ich maktabida 16 yoshli o‘smir o‘t ochib, uch nafar bola va bir o‘qituvchini o‘ldirdi, shundan so‘ng voqea guvohi tomonidan otib tashlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “ABC News” telekanaliga tayanib.

Hodisa payshanba kuni kunduzi sodir bo‘lgan. Bend politsiyasi boshlig‘i Mayk Kransning so‘zlariga ko‘ra, hujum qilgan shaxs qulflangan eshiklarga o‘q uzib, bino ichiga kirgan. Keyinchalik halok bo‘lgan bolalar besh, sakkiz va 11 yoshda ekani ma’lum bo‘ldi.

Yana bir yetti yoshli bola va 54 yoshli o‘qituvchi o‘ta og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. O‘smirning maktabga ehtimoliy aloqadorligi haqidagi ma’lumot hozircha aniqlanmagan, uning ismi va halok bo‘lganlarning shaxsi oshkor etilmayapti.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, dastlab noma’lum shaxs uzun stvolli quroldan avtomobilga qarata o‘q uzgani haqida xabar kelib tushgan. Oradan bir necha daqiqa o‘tgach, favqulodda yordam xizmatiga qurollangan o‘smir maktabga bostirib kirgani haqida qo‘ng‘iroqlar bo‘la boshlagan.

Guvohlardan biri bino ichida jinoyatchining iziga tushib, uni otib o‘ldirgan. Politsiya xodimlari otishma haqidagi birinchi xabardan uch daqiqa o‘tib voqea joyiga yetib kelgan, gumonlanuvchining o‘limini tasdiqlagan va maktabni ko‘zdan kechirgan.

Oregon gubernatori Tina Kotek voqea guvohiga aralashuvi uchun minnatdorlik bildirdi, uning so‘zlariga ko‘ra, bu yanada ko‘proq qurbonlar bo‘lishining oldini olishga yordam bergan. Maktab okrugi vakili Stiven Kuk sodir bo‘lgan voqeani fojia deb atab, halok bo‘lganlar va jabrlanganlarning oilalariga hamdardlik bildirdi.

Juma kuni mahalliy aholiga ushbu musibatdan o‘ziga kelib olishga vaqt berish maqsadida Benddagi barcha maktablarda darslar bekor qilindi. Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, “Silver Rail Elementary” maktabida 450 ga yaqin bola tahsil oladi va 40 dan ortiq xodim ishlaydi.

“K-12 School Shooting Database” ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, o‘tgan yili Amerika maktablarida 235 ta, joriy yil boshidan buyon esa kamida 140 ta otishma holati qayd etilgan.

“AP” agentligi surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish