“BBC” futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasiga bag‘ishlab videorolik namoyish qildi
Yanvar 19, 2026. 10:52 • 1 daq
• 130
LONDON, 19-yanvar. /“Dunyo” AA/. Dunyodagi eng taniqli OAVdan biri bo‘lgan “BBC” telekanalida 2026 yilgi futbol bo‘yicha bo‘lajak jahon chempionati oldidan O‘zbekiston milliy terma jamoasini qo‘llab-quvvatlash maqsadida maxsus videorolik namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur videolavha o‘zbek xalqining asriy orzu-umidlari, milliy birdamlik va yuksak maqsadlarga erishishga bo‘lgan ishonch ramzi sifatida yaratildi. Rolikning voqealar rivojida mamlakatimizning turli hududlarida istiqomat qiluvchi yoshlar va keksa avlod vakillari, futbol muxlislari va bolalar O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionati saralash musobaqalaridagi muvaffaqiyat yo‘lida birlashgani taʼsirli lavhalar orqali aks ettirilgan.
Videorolikda O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi, futbolga bo‘lgan muhabbat va xalqaro sport maydonlarida Vatan shaʼnini himoya qilish g‘oyasi uyg‘unlashtirilgan. Mazkur videomaterialning “BBC” telekanalida efirga uzatilishi o‘zbek futbolining jahon maydonidagi nufuzi tobora ortib borayotgani, mamlakatimizda sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro hamjamiyatning eʼtiborini tobora ko‘proq jalb etayotganining yana bir tasdig‘idir.
Ushbu tashabbus nafaqat futbolchilarni, balki butun jamiyatni, ayniqsa yosh avlodni sog‘lom turmush tarziga, sportga muhabbat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, davlat va jamoat tashkilotlari, millionlab muxlislar milliy terma jamoamizni jahon chempionati sari bo‘lgan masʼuliyatli va sharafli yo‘lda to‘liq qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
