“The World News”: O‘zbekistonda 2026-yilda kamida 25,4 milliard kub metr gaz qazib chiqarish bo‘yicha topshiriq berildi
Yanvar 19, 2026. 12:53 • 2 daq
• 28
ISLOMOBOD, 19-yanvar. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The World News” nashrida “O‘zbekiston Prezidenti tabiiy gaz qazib olishni ko‘paytirish va sektorni o‘zgartirish bo‘yicha rejalarni ko‘rib chiqdi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada Prezident Shavkat Mirziyoyev 12-yanvar kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining kelgusidagi vazifalari va rejalari yuzasidan taqdimot bilan tanishgani maʼlum qilingan.
“Taqdimotda “O‘zbekneftgaz” AJ oldida turgan eng asosiy vazifa tabiiy gaz zaxiralarini oshirish va qazib chiqarish hajmlarini ko‘paytirish ekani qayd etildi. Kompaniya kunlik gaz qazib chiqarish hajmini 66 million kub metrdan 70 million kub metrga ko‘paytirish, bu yil kamida 25,4 milliard kub metr gaz qazib chiqarish choralarini ko‘rishi zarurligi taʼkidlandi. Mavjud imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi”, – deyilgan manbada.
Taʼkidlanganidek, yig‘ilishda gaz zaxiralarini o‘stirish uchun yangi istiqbolli investitsiya bloklarini shakllantirish, investorlarga berilgan ayrim maydonlarda esa ishlarni jadallashtirish va samaradorligini oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Nashrda qayd etilganidek, nafta ishlab chiqarish hozirda quvvatning 70 foizida amalga oshirilayotgani, mahsulot esa 50 foiz arzon narxlarda eksport qilinayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Naftadan polimer mahsulotlari ishlab chiqarilsa, qo‘shilgan qiymatni 6 karra oshirish imkoniyati borligini hisobga olib, mavjud quvvatlarni to‘liq ishlatish choralarini ko‘rish topshirildi.
“Sohadagi korrupsion xavflarni oldini olish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ tuzilmasida raisning alohida o‘rinbosari lavozimi kiritilib, komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati tashkil etildi. Tizimdagi har qanday noqonuniy holatni tezkor aniqlash va oldini olish bo‘yicha samarali tizim yaratish vazifasi qo‘yildi”, – deb taʼkidlangan maqolada.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
