Firibgarlar tuzog‘iga tushgan hamyurtlar Xorvatiyadan O‘zbekistonga qaytarildi
Yanvar 19, 2026. 09:45 • 47 soniya
• 157
ZAGREB, 19-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Budapesht shahridagi elchixonasi tomonidan xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlarning haq-huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha muntazam ravishda ishlar olib borilmoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xususan, yaqinda O‘zbekiston fuqarolari A.A. va R.I. Xorvatiyadan Vatanga qaytishda yordam so‘rab, elchixonaning konsullik bo‘limiga murojaat qilgan.
Murojaatchilar bilan muloqot jarayonida maʼlum bo‘ldiki, ularni xususiy bandlik agentligi firibgarlik yo‘li bilan aldagan. Ishga joylashish maqsadida chet elga kelgan hamyurtlar firibgarlar tuzog‘iga tushganini keyin anglab yetgan. Natijada, ishsiz, pulsiz og‘ir ahvolda qolib ketgan. Shu bois, ular O‘zbekistonga qaytishi uchun aviachipta sotib olishda moliyaviy yordam so‘rab murojaat qilgan.
Yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olgan holda elchixona tomonidan O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan ishchi aloqalar o‘rnatildi.
O‘tkazilgan surishtiruv va kelishuvlar natijasida O‘zbekiston Mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash va ularga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan murojaatchilarga aviachiptalar sotib olinib, ularning vatanga qaytishi uchun ko‘mak berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
