Logo

“Textile Insights”: Hindiston biznes doiralari O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi asosiy hamkor sifatida ko‘rmoqda

Yanvar 13, 2026. 09:00 • 3 daq

96
“Textile Insights”: Hindiston biznes doiralari O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi asosiy hamkor sifatida ko‘rmoqda

DEHLI, 13-yanvar. /“Dunyo” AA/. Hindistonlik tadbirkorlarning O‘zbekiston bilan ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishga bo‘lgan qiziqishi ortib borayotgan bir sharoitda “Textile Insights” ixtisoslashgan nashri mamlakatimiz to‘qimachilik tarmog‘idagi keng ko‘lamli transformatsiya jarayoniga bag‘ishlangan ikkita tahliliy material eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu materiallarda O‘zbekistonni xalqaro investitsiyalar, shu jumladan, Hindiston sarmoyasi uchun jozibador hamkorga aylantirayotgan asosiy o‘sish drayverlariga alohida to‘xtalib o‘tilgan.

«O‘zbekiston paxtachilikni texnologiyalar va mexanizatsiyalashtirish orqali qayta tiklamoqda» (Uzbekistan reboots cotton with tech and mechanisation) sarlavhali maqolada nashr ekspertlari mamlakatimiz paxtachilik sohasidagi chuqur islohotlarni tahlil qilgan. Unda majburiy mehnatdan to‘liq voz kechilib, klaster boshqaruv tizimiga o‘tish orqali hayratlanarli natijalarga erishilgani qayd etilgan.

Hindistonlik investorlar uchun yuqori texnologiyalarning joriy etilishi asosiy jalb qiluvchi omil bo‘lmoqda. Nashr paxta terimini mexanizatsiyalashtirish va tomchilatib sug‘orish tizimlarini tatbiq etish masalalariga alohida eʼtibor qaratgan.

Modernizatsiya jarayoni agrotexnologiyalar sohasida ilg‘or tajribaga ega bo‘lgan Hindiston kompaniyalari uchun qo‘shma korxonalar tashkil etishda istiqbolli imkoniyatlar ochmoqda. «O‘zbekiston paxtachilik tarmog‘ini samaradorlik va barqaror rivojlanishga tayangan holda yangilamoqda, bu esa texnologik sheriklik uchun qulay muhit yaratmoqda», deb qayd etgan “Textile Insights”.

«O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati o‘sishini tezlashtirish uchun 2 milliard dollar miqdorida yangi investitsiyalarni jalb qilishni rejalashtirmoqda» (Uzbekistan targets US$ 2 bn in new investment to accelerate textile industry growth) sarlavhali ikkinchi maqolada Toshkent tomonidan ilgari surilgan investitsiyaviy rejalarga eʼtibor qaratilgan.

Hindiston biznes hamjamiyati O‘zbekistonning to‘qimachilik industriyasiga qo‘shimcha 2 milliard dollar investitsiya jalb etish borasidagi maqsadlarini diqqat bilan o‘rganib chiqmoqda.

To‘qimachilik va kiyim-kechak ishlab chiqarishda dunyo yetakchilaridan biri bo‘lgan Hindiston mamlakatimizni strategik xab sifatida ko‘rmoqda. Nashrning taʼkidlashicha, O‘zbekiston jozibali sharoitlar taklif qilmoqda, yaʼni mamlakat soliq imtiyozlari taqdim etmoqda, texnoparklarda tayyor infratuzilma shakllantirilgan hamda Yevropa va MDH bozorlariga chiqish imkoniyati yaratilgan.

Bu esa hindistonlik tadbirkorlarni ishlab chiqarish quvvatlarini respublikaga ko‘chirishga va «Made in Uzbekistan» brendi ostida yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga undamoqda.

Hindiston OAV va biznesining qiziqishi ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beruvchi aniq raqamlar bilan asoslangan.

2025-yil ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklik uchun tarixiy yil bo‘ldi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollarlik muhim marradan oshdi. Bundan tashqari, o‘sish dinamikasi ham salmoqli: yanvar-noyabr yakunlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 1 milliard 200 million dollardan ziyodni tashkil etdi.

Bugungi kunda O‘zbekiston va Hindiston nafaqat o‘zaro manfaatli savdo, balki chuqur ishlab chiqarish kooperatsiyasi bilan ham bog‘langan. Hozirgi vaqtda respublikada hindistonlik sheriklar bilan birgalikda umumiy qiymati 1 milliard 130 million dollardan ortiq bo‘lgan 24 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.

Sarmoyalarni o‘zlashtirish jarayoni jadal davom etmoqda. Bugungi kunga qadar 270 million dollarga yaqin to‘g‘ridan-to‘g‘ri Hindiston investitsiyalari o‘zlashtirildi. Ushbu mablag‘lar to‘qimachilik, farmatsevtika, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, taʼlim va boshqa sohalarga yo‘naltirilgan.

“Textile Insights” tahlili Hindiston biznesi O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi asosiy sherik sifatida baholayotganini tasdiqlaydi. O‘zbekistondagi islohotlar va Hindiston texnologiyalarining uyg‘unligi, shuningdek, davlat darajasidagi qo‘llab-quvvatlov kelgusi yuksalish uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish