Logo

Iroq biznes delegatsiyasi Toshkentga keldi

Yanvar 13, 2026. 10:21 • 1 daq

87
Iroq biznes delegatsiyasi Toshkentga keldi
Iroq biznes delegatsiyasi Toshkentga keldi

TOSHKENT, 13-yanvar. /“Dunyo” AA/. Iroq ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiya kecha maxsus charter reys bilan Toshkentga yetib keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Delegatsiya tarkibida 17 nafar rasmiy shaxs, jumladan, Iroq savdo vaziri Asir al-G‘aririy, Iroq Investitsiyalar bo‘yicha milliy qo‘mita raisi o‘rinbosari Salar Muhammad Amin, Iroq Iqtisodiy kengashi raisi Ibrohim al-Masʼudiy al-Bag‘dadiy va Iroq Savdo palatalari federatsiyasi raisining maxsus vakili Amir Alaviy, shuningdek, 120 ga yaqin yirik iroqlik ishbilarmonlar va OAV vakillari bor.

Tashrif davomida iroqlik tadbirkorlar oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sanoati, savdo, qurilish materiallari, pudrat ishlari, ko‘chmas mulk, farmatsevtika, elektrotexnika va avtomobilsozlik, to‘qimachilik, mebelchilik, zargarlik, neft mahsulotlari kabi sohalarni, shuningdek, axborot texnologiyalari, konsalting, bojxona deklaratsiyasi va turizm singari barcha xizmat turlarini taqdim etadilar.

Dasturga ko‘ra, Iroq biznes missiyasining O‘zbekiston vazirlik va idoralari rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazishi, Toshkent va Samarqand shaharlarida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston–Iroq biznes-forumlarida hamda o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan o‘tkaziladigan B2B formatidagi uchrashuvlarda ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, delegatsiya farmatsevtika klasteri va oziq-ovqat mahsulotlari ko‘rgazmalariga tashrif buyuradi.

Mazkur tashrif O‘zbekiston va Iroq ishbilarmonlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘rnatish, o‘zaro manfaatli loyihalarni muhokama qilish va savdo-iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish