Logo

“The World News”: Uch yil ichida O‘zbekiston iqtisodiyoti MDH orasida eng yuqori o‘sishni namoyish etishi kutilmoqda

Yanvar 13, 2026. 10:50 • 3 daq

42
“The World News”: Uch yil ichida O‘zbekiston iqtisodiyoti MDH orasida eng yuqori o‘sishni namoyish etishi kutilmoqda
“The World News”: Uch yil ichida O‘zbekiston iqtisodiyoti MDH orasida eng yuqori o‘sishni namoyish etishi kutilmoqda
“The World News”: Uch yil ichida O‘zbekiston iqtisodiyoti MDH orasida eng yuqori o‘sishni namoyish etishi kutilmoqda

ISLOMOBOD, 13-yanvar. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The World News” elektron nashri O‘zbekiston hayotining turli jabhalarida kechayotgan voqealarga bag‘ishlangan turkum maqolalarni eʼlon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Jumladan, ushbu nashr Malayziyaning Nilay shahrida velotrek bo‘yicha o‘tkazilayotgan “ASEAN Track Series” musobaqasining ilk kunida O‘zbekiston terma jamoasi aʼzolari 1 tadan oltin va bronza medalini qo‘lga kiritgani haqida yozdi.

“Turnirning ayollar o‘rtasidagi “elimination” dasturida ishtirok etgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi aʼzosi Nafosat Qoziyeva poygani uchinchi o‘rinda yakunlagan bo‘lsa, erkaklar o‘rtasida “omnium” bo‘yicha bellashuvlarda Sergey Rostovsev barcha raqiblarini ortda qoldirib, birinchi o‘rinni egalladi”, – deyilgan manbada.

Xabar qilinishicha, ushbu musobaqa joriy yilning mart oyida Avstraliyaning Pert shahrida bo‘lib o‘tadigan trek bo‘yicha jahon kubogiga saralash bosqichi hisoblanadi. Shuningdek, jahon kubogi bosqichlarida jamg‘arilgan reyting ochkolari trek yo‘nalishi bo‘yicha oktyabr oyida Xitoyning Shanxay shahrida o‘tadigan jahon chempionatida ishtirok etish uchun yo‘llanma taqdim etadi.

“The World News” elektron nashri, shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyoti keyingi 3 yilda eng tez o‘suvchi iqtisodiyotlardan biri bo‘lishi kutilayotganini xabar qildi.

Maqolada kelgusi uch yil ichida O‘zbekiston iqtisodiyoti MDH mamlakatlari orasida eng yuqori o‘sish surʼatlarini namoyish etishi kutilayotgani, bu mintaqaviy o‘rtacha ko‘rsatkichlardan yuqori bo‘lishi hamda tashqi taʼsirlarga nisbatan barqarorligini saqlashi taʼkidlangan.

“Bu haqda BMTning “Dunyo iqtisodiy ahvoli va istiqbollar – 2026” (WESP 2026) hisobotida qayd etilgan, – deb yozilgan manbada. – BMT tahlillariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti 7,3 foizga o‘sgan bo‘lib, bu mintaqadagi eng yuqori natijalardan biri hisoblanadi. Barqaror o‘sish qator omillar — ichki talabning kuchli bo‘lishi, aholi real daromadlarining ortishi hamda infratuzilmaga sarmoyalarning jadal kiritilishi bilan taʼminlangan.

Shuningdek, maqolada O‘zbekistonda narxlar barqarorligi borasida ham ijobiy tendensiyalar kuzatilayotgani bildirilgan.

Pokistonning mazkur elektron nashri O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarga bag‘ishlangan maqolani eʼlon qildi.

Unda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi hamkorlik rishtalari umumiy tarixiy ildizlar, geografik yaqinlik hamda strategik manfaatlarning uyg‘unligi asosida barqaror va uzoq muddatli sheriklik uchun mustahkam poydevor yarata olishi muhim namuna ekani qayd etilgan.

“1990-yillarning boshlarida mustaqillikka erishgan ikki Markaziy Osiyo davlati ikki tomonlama munosabatlarni shakllantirishda murakkab, ammo izchil yo‘lni bosib o‘tdi. 2017-yildan so‘ng ikki tomonlama munosabatlarda sifat jihatidan yangi bosqich boshlandi. Strategik sheriklik to‘g‘risidagi kelishuvning imzolanishi o‘zaro hamkorlikka barqaror va uzoq muddatli tus berib, burilish nuqtasi bo‘ldi. Shundan buyon O‘zbekiston va Turkmaniston deklarativ bosqichdan qo‘shma loyihalarni amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarish bosqichiga o‘tdi”, – deyiladi materialda.

Qayd etilishicha, iqtisodiy hamkorlik O‘zbekiston–Turkmaniston sherikligining asosiy yo‘nalishiga aylangan.

“So‘nggi yillarda ikki tomonlama savdo hajmi barqaror o‘sib bormoqda. O‘zbekiston Turkmanistonga sanoat tovarlari, kimyo mahsulotlari, o‘g‘itlar hamda qayta ishlangan sanoat mahsulotlarini eksport qiladi. Savdo aylanmasining bunday tuzilmasi iqtisodiyotlarning o‘zaro bir-birini to‘ldirishini va iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik shakllanayotganini ko‘rsatadi”, – qayd etilgan “The World News” maqolasida.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish