“Bernama” AA: 2025-yilda O‘zbekistonga 11 mingdan ortiq malayziyalik kelgan va bu raqam joriy yilda yana-da ortishi kutilmoqda
Yanvar 11, 2026. 13:20 • 2 daq
• 102
KUALA-LUMPUR, 11-yanvar. /“Dunyo” AA/. Malayziyaning yetakchi “Bernama” axborot agentligida Malayziya va O‘zbekiston o‘rtasida turizm va taʼlim sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Agentlikda qayd etilishicha, Malayziyaning Toshkentdagi elchixonasi maʼlumotlariga ko‘ra, turizm va taʼlim sohalari ikki mamlakat o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashning asosiy ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilangan.
Malayziyaning Toshkentdagi elchisi Ilham Tuax Ilyasning taʼkidlashicha, ushbu sohalardagi munosabatlarni yana-da rivojlantirishga eʼtibor Malayziyaning “Visit Malaysia 2026” davlat dasturi va 2025 yil dekabr oyidan boshlab Malayziyaning “Batik Air” aviakompaniyasining Toshkent va Langkavi oroli o‘rtasida qo‘shimcha to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarini yo‘lga qo‘yishiga ham mos keladi.
Qo‘shimcha aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi mamlakatlar o‘rtasida sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash, savdo, investitsiya va madaniy almashinuv uchun yangi imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.
Bugungi kunda “Uzbekistan Airways”, “Batik Air Malaysia” va “Air Asia” aviakompaniyalari tomonidan mamlakatlar o‘rtasida haftasiga 8 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda.
Malayziya elchisi o‘zbek yoshlari uchun Malayziyada taʼlimni targ‘ib qilish bo‘yicha saʼy-harakatlar amalga oshirilishini, ayniqsa, Malayziyaning shimoliy shtatlarida joylashgan universitetlar jalb qilinishini aytdi. Uning taʼkidlashicha, 2025 yilda Malayziyaning davlat va xususiy oliy taʼlim muassasalarida 600 dan ortiq o‘zbekistonlik talaba tahsil olgan va Malayziya tomoni joriy yilda ularning sonini ko‘paytirishni maqsad qilgan.
“Batik Air” aviakompaniyasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslari O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va hatto Rossiyadan kelgan xohlovchilarga Toshkent orqali Langkaviga sayohat qilish imkonini beradi. Shu bilan birga, qishda qorni ko‘rishni va tog‘larda chang‘ida uchishni istagan ko‘plab malayziyaliklar, ayniqsa, Malayziyaning shimoliy shtatlarida istiqomat qiluvchilar Toshkentdan bir soatlik masofada joylashgan Chimyon tog‘lariga tashrif buyurishlari mumkin. So‘nggi yillarda mamlakatlar o‘rtasida kelayotgan sayyohlar sonining o‘sishi kuzatilmoqda. 2025 yilda O‘zbekistonga 11 mingdan ortiq malayziyalik sayyoh tashrif buyurdi va bu yil ularning soni ortishi kutilmoqda”, deya yozilgan maqolada.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi