Logo

O‘zbekiston va Turkiya farmatsevtika sohasida hamkorlikni yanada rivojlantiradi

Yanvar 13, 2026. 12:15 • 2 daq

95
O‘zbekiston va Turkiya farmatsevtika sohasida hamkorlikni yanada rivojlantiradi

ISTANBUL, 13-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi delegatsiyasi Turkiyaning yetakchi institutsional va xususiy tuzilmalari bilan qator uchrashuvlar tashkil etdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mamlakatimizning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ko‘magida tashkil etilgan uchrashuvlarda delegatsiya aʼzolari Turkiya palatalar va birjalar ittifoqi hamda turk farmatsevtika sanoatining yetakchi kompaniyalari — “Abdi İbrahim İlaç”, “Atabay Kimya”, “Humanis Sağlık” va “Koçak Farma İlaç ve Kimya” rahbariyati bilan muzokaralar olib bordi.

Muloqot davomida O‘zbekistonda farmatsevtika sohasini jadal rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay investitsiya muhiti, meʼyoriy-huquqiy bazaning izchil takomillashtirilishi, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, sertifikatlash va bozorga chiqarish hamda xalqaro standartlarga muvofiqligi yuzasidan fikr-mulohaza almashildi.

O‘zbekiston farmatsevtika bozorining yuqori o‘sish salohiyati, aholining dori vositalariga bo‘lgan barqaror va ortib boruvchi ehtiyoji, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlari, maxsus farmatsevtika klasterlari va erkin iqtisodiy zonalarda taqdim etilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari haqida maʼlumot berildi. Turk kompaniyalariga O‘zbekiston hududida qo‘shma korxonalar tashkil etish, ishlab chiqarishni lokalizatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalar transferi hamda ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida hamkorlik qilish imkoniyatlari keng yoritildi.

Turkiya tomoni farmatsevtika mahsulotlarini O‘zbekiston bozoriga olib kirish, mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlari, klinik tadqiqotlarni tashkil etish, sifat nazorati tizimi hamda eksport-import tartib-taomillariga doir masalalar bo‘yicha to‘xtalib o‘tdi.

Tashrif doirasida delegatsiya vakillari turk kompaniyalarining ishlab chiqarish zavodlari va fabrikalari faoliyati bilan tanishdi. Farmatsevtlar bu yerda mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayonlari, sifatni taʼminlash tizimi, xalqaro GMP standartlari, ilg‘or texnologiyalar hamda innovatsion yechimlar bilan yaqindan tanishdi. Samarali muzokaralar farmatsevtika sohasida o‘zaro tajriba almashish va kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkonini berdi.

Uchrashuvlarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida farmatsevtika sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish, o‘zaro investitsiyalarni kengaytirish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish hamda eksport salohiyatini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Turkiya farmatsevtika kompaniyalari O‘zbekiston bozoriga kirish va uzoq muddatli strategik sheriklikni yo‘lga qo‘yishga katta qiziqish bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish