O‘zbekistonning yangilangan tashqi siyosati Ukraina OAV nigohida
Yanvar 07, 2026. 14:04 • 2 daq
• 46KIYEV, 7-yanvar. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Ukrainadagi elchixonasi tomonidan Tashqi siyosiy tadqiqotlar instituti bilan hamkorlikda “O‘zbekistonning yangilangan tashqi siyosati” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda diplomatlar, ekspertlar va tahlilchilar ishtirok etdi. Ishtirokchilar global turbulentlik, davlatlararo mojarolarning kuchayishi va xalqaro munosabatlar tizimining qayta shakllanishi fonida O‘zbekiston tashqi siyosiy kursining transformatsiyasini muhokama qildi.
Taʼkidlanishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev davrida Toshkent xalqaro faollikni oshirmoqda va Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik hamda ishonchni mustahkamlashga, ko‘p vektorli siyosiy-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga, savdo va investitsiyalarni diversifikatsiya qilishga eʼtibor qaratgan holda hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini izchil shakllantirmoqda.
Ustuvor yo‘nalishlar qatorida transport va logistika, yashil energetika, suv resurslarini boshqarish va iqlim o‘zgarishi masalalari ham qayd etildi. Ishtirokchilar iqtisodiy diplomatiyaning amaliy natijadorligini hamda O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro aloqalari o‘sayotganini taʼkidlab, mamlakatda Parlamentlararo ittifoq va YUNESKO shafeligida yirik xalqaro tadbirlar o‘tkazilganiga eʼtibor qaratdi.
O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan hamkorligiga alohida eʼtibor qaratildi. Ekspertlar energetika xavfsizligi, barqaror transport koridorlari, yashil iqtisodiyot, suv boshqaruvi, taʼlim va gumanitar dasturlar bo‘yicha tomonlarning manfaatlari o‘zaro mos kelishini taʼkidlab, O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda Yevropa Ittifoqi uchun asosiy hamkorlardan biri sifatidagi rolini qayd etdi.
Davra suhbati Ukrainaning “Interfaks-Ukraina” umummilliy axborot agentligi hamda “Open4business”, “Fixygen” va “rebuild.news” kabi qator axborot resurslarida keng yoritildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



