O‘zbekiston mahsulotlarini Turkiya bozoriga eksport qilishda yangi imkoniyatlar muhokama qilindi
Avgust 13, 2026. 11:00 • 2 daq
• 41
ISTANBUL, 13-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston bosh konsuli Sherzod Abdunazarov Turkiyaning yetakchi elektron tijorat platformalaridan biri – “Trendyol” kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni “Trendyol” onlayn platformasi orqali Turkiya bozorida sotishni yo‘lga qo‘yish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlarni xalqaro elektron savdo maydonlariga olib chiqish hamda ularning eksport salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralarda turk tadbirkorlari “Trendyol” kompaniyasi aksiyalarining 85 foizi Xitoyning “Alibaba” va dunyoning boshqa yirik kompaniyalariga, 15 foizi esa Turkiyaga tegishli ekanini maʼlum qildi.
Turk tomoni O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tovarlarni “Trendyol” platformasida joylashtirish va sotishni tashkil etish masalasida amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini maʼlum qildi. Xususan, o‘zbek ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlarini platforma talablariga muvofiqlashtirish, ularni onlayn savdo maydonchasiga olib chiqish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.
Muloqot davomida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan eksportbop mahsulotlar ro‘yxatini shakllantirish hamda mahsulotlarni “Trendyol” platformasiga joylashtirish bo‘yicha so‘z yuritildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi