Germaniyada o‘zbek milliy taomlari va madaniyati festivali bo‘lib o‘tdi

Avgust 13, 2026. 09:00 • 2 daq

55
Germaniyada o‘zbek milliy taomlari va madaniyati festivali bo‘lib o‘tdi
Germaniyada o‘zbek milliy taomlari va madaniyati festivali bo‘lib o‘tdi
Germaniyada o‘zbek milliy taomlari va madaniyati festivali bo‘lib o‘tdi
Germaniyada o‘zbek milliy taomlari va madaniyati festivali bo‘lib o‘tdi

BRAUNSHVAYG, 13-avgust. /“Dunyo” AA/. Germaniyaning Baden-Vyurtemberg federal o‘lkasida o‘zbek taomlari va madaniyati festivali bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu festival mamlakatimizning Germaniyadagi diplomatik vakolatxonasi hamda vatandoshlarimiz Yevgeniy va Yuliya Shatslar hamkorligida tashkil etildi. Yettinchi bor o‘tkazilgan tadbir Yevropadagi hamyurtlar uchun anʼanaviy uchrashuv maydoniga aylandi.

Festivalda Germaniyaning turli hududlari, Yevropa va MDH davlatlari, AQShdan kelgan vatandoshlar, nemis ishbilarmon doiralari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Gastronomik dasturda somsa, tandir go‘sht, sho‘rva, palov va boshqa milliy taomlar namoyish qilindi. O‘zbekistonlik oshpazlarning milliy palov tayyorlash bo‘yicha mahorat darsi festivalning muhim tadbirlaridan biri bo‘ldi.

Uchrashuvlar davomida atlas, adras matolari, so‘zana, kashtachilik va zardo‘zlik namunalari, milliy liboslar hamda hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. O‘zbekiston madaniyati va sanʼatiga bag‘ishlangan ijodiy ishlar namoyish qilindi.

Milliy o‘yinlar, raqs va qo‘shiqlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Mehmonlar uchun O‘zbekistonning turistik salohiyatini targ‘ib qiluvchi axborot burchagi tashkil etilib, tarixiy shaharlar va zamonaviy sayyohlik yo‘nalishlariga bag‘ishlangan bukletlar tarqatildi.

Elchixona vakillari festivalning vatandoshlar o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlash, millatlararo do‘stlik va O‘zbekistonning turistik salohiyatini targ‘ib etishdagi ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi. Ishtirokchilarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida maʼlumot berildi.

Festival tashkilotchilari Yevgeniy va Yuliya Shatslar tadbir geografiyasi tobora kengayib borayotganini qayd etdi.

“Biz Germaniyada yashaymiz, ammo festival kuni o‘zimizni Vatandagidek his qilamiz. Mehmonlar milliy taomlarimizni tatib ko‘rgach, O‘zbekistonni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish istagini bildirishadi. Shu bois, har yili xorijliklar uchun mamlakatimizga yangi turistik marshrutlar bo‘yicha sayohatlar tashkil etayapmiz”, – dedi Shatslar oilasi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish