Turkiyada o‘tkazilgan “Aba kurashi” musobaqasida o‘zbek polvonlari sovrindor bo‘ldi
Avgust 12, 2026. 20:30 • 2 daq
• 61ANQARA, 12-avgust. /“Dunyo” AA/. Turkiyaning Hatay viloyatida Xalqaro “Aba kurashi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Musobaqa Turk dunyosi yoshlar jamg‘armasi, Turkiya Anʼanaviy kurashlar federatsiyasi, Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) hamda mahalliy munitsipalitetlar hamkorligida tashkil etildi.
Turkiy xalqlar yoshlari o‘rtasida sport va milliy qadriyatlarni mustahkamlashga qaratilgan ushbu turnirda TDTga aʼzo va kuzatuvchi mamlakatlar – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon hamda Turkiya terma jamoalari pahlavonlari bellashdi.
Sport tadbirida faxriy mehmon sifatida TDTga aʼzo davlatlarning Turkiyadagi elchilari va TDT Oqsoqollar Kengashi raisi Benali Yildirim ishtirok etdi.
Xalqaro turnirda 9 nafar sportchidan iborat O‘zbekiston terma jamoasi munosib ishtirok etib, umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egalladi. Yakka tartibdagi bahslarda Anvar Eshpulatov (55 kg) 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Quvonchbek Sadinov (60 kg) va Sardorbek Abduraxmonov (85 kg) shohsupaning 3-pog‘onasidan joy oldi.
Sportchilarimiz ushbu quvonchli g‘alabani Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlab, mamlakatimizda milliy sport turlarini rivojlantirish va yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

