YUNESKO bilan O‘zbekiston mahalla tizimi tajribasini xalqaro darajada targ‘ib qilish masalasi muhokama qilindi

Avgust 13, 2026. 10:30 • 2 daq

20
YUNESKO bilan O‘zbekiston mahalla tizimi tajribasini xalqaro darajada targ‘ib qilish masalasi muhokama qilindi

PARIJ, 13-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston va YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibiyati vakillari o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Mamlakatimizning YUNESKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi ko‘magida tashkil etilgan muloqotda mahalla bilan bog‘liq madaniy anʼana va urf-odatlar, ularni xalqaro darajada targ‘ib qilish istiqbollari muhokama qilindi.

YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kotibi Fumiko Oxinata va Osiyo-Tinch okeani mintaqasi uchun masʼul dastur mutaxassisi Nikolas Tan mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bayon etdi.

O‘zbekiston tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi hamda YUNESKO huzuridagi Doimiy vakolatxonasi vakillari mahallaning ko‘p asrlik tarixi, uning jamiyat hayotidagi alohida o‘rni va milliy anʼanalarni saqlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Uchrashuvda mahalla O‘zbekiston xalqi turmush tarzining ajralmas qismi ekani taʼkidlandi. U insonlarni yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro yordam, hamjihatlik va katta avlod vakillariga hurmat tamoyillari asosida birlashtiradi.

YUNESKO Kotibiyati vakillari taqdim etilgan materiallarga katta qiziqish bildirdi. Ular O‘zbekistonda mahalla bilan bog‘liq shakllangan jamoat hayoti tartibining o‘ziga xos xususiyatlarini eʼtirof etdi.

Suhbat davomida O‘zbekistonning nomoddiy madaniy merosni targ‘ib qilishdagi roli alohida qayd etildi. Shu nuqtai nazardan, o‘zbek mahalla tizimi tajribasi YUNESKO Kotibiyati mutaxassislarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish