Qatar turoperatorlari O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini o‘rganmoqda

Noyabr 24, 2026. 18:00 • 2 daq

• 42
Qatar turoperatorlari O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini o‘rganmoqda
Qatar turoperatorlari O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini o‘rganmoqda
Qatar turoperatorlari O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini o‘rganmoqda
Qatar turoperatorlari O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini o‘rganmoqda
Qatar turoperatorlari O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini o‘rganmoqda
Qatar turoperatorlari O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini o‘rganmoqda
Qatar turoperatorlari O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini o‘rganmoqda

TOSHKЕNT, 24-noyabr. /“Dunyo” AA/. Chiquvchi turizm sohasida faoliyat yurituvchi Qatarning eng yirik turoperatorlari va sayyohlik agentliklari vakillaridan iborat delegatsiya 19–26-noyabr kunlari tanishuv turi (Fam Tour) bilan O‘zbekistonda bo‘lib turibdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri. 

Mehmonlar mamlakatimiz imkoniyatlari bilan yaqindan tanishmoqda va o‘zbekistonlik hamkasblari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘ymoqda.

Delegatsiya tarkibidan “Ali Bin Ali Holidays”, “Mannai Travel”, “NBK Travel & Tourism”, “Akbar Holidays”, “Mosafer Travel & Tourism”, “Darwish Travel”, “Ready To Fly Travel and Tours” hamda “Kings Travel” kompaniyalari vakillari o‘rin olgan. Tashrif O‘zbekistonning Qatardagi elchixonasi ko‘magida o‘zbek turistik mahsulotlarini Qatar bozorida targ‘ib qilish hamda ushbu mamlakatdan keladigan sayyohlar oqimini oshirish maqsadida tashkil etildi.

Dastur O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi rahbariyati bilan uchrashuvdan boshlandi. Tomonlar mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini Qatarda keng targ‘ib qilish, ikki davlat turoperatorlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va sayyohlar almashinuvini kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Mehmonlar Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Samarqand va Buxoroda bo‘lib, madaniy meros obyektlari, tarixiy obidalar, zamonaviy turizm infratuzilmasi, savdo-ishbilarmonlik majmualari hamda ko‘ngilochar markazlar bilan tanishadilar. Bunda O‘zbekiston nafaqat tarixiy va ziyorat turizmi, balki tog‘-chang‘i, ekologik, mavsumiy, gastronomik va oilaviy dam olish yo‘nalishlarini ham taklif etishiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Delegatsiya a’zolari uchun mahalliy turoperatorlar, yetakchi xalqaro mehmonxona va restoranlar tarmoqlari hamda sohaning boshqa kompaniyalari bilan B2B va G2B shaklidagi uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Ushbu muloqotlardan ko‘zlangan maqsad to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, yangi yo‘nalishlarni ishlab chiqish, tajriba almashish va tijoriy kelishuvlarga erishishdan iborat.

25-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “Ipak yo‘lida turizm – TITF 2026” xalqaro turizm yarmarkasida qatarlik mehmonlar ham ishtirok etadilar. Yarmarka maydonida qo‘shma loyihalar va turistik paketlarni ishlab chiqishga qaratilgan B2B uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, qatarlik sayyohlarda O‘zbekistonning ko‘p asrlik tarixi, islom sivilizatsiyasi bilan bog‘liq muqaddas qadamjolar, me’moriy obidalar, milliy oshxonamiz va xalqimizning mehmondo‘stligi katta qiziqish uyg‘otmoqda. Tashrif yakunlari bo‘yicha delegatsiya ishtirokchilari o‘z mijozlariga O‘zbekiston yo‘nalishlarini taklif etishni va yangi turlarni shakllantirishni rejalashtirmoqdalar.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish