Dubayda O‘zbekiston Ishbilarmonlar kengashi o‘z faoliyatini boshladi

Avgust 28, 2026. 12:00 • 2 daq

71
Dubayda O‘zbekiston Ishbilarmonlar kengashi o‘z faoliyatini boshladi

DUBAY, 28-avgust. /“Dunyo” AA/. Dubay Savdo palatasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Ishbilarmonlar kengashining rasmiy ochilish marosimi va birinchi umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda O‘zbekiston va BAA ishbilarmon doiralari, yirik kompaniyalar, investorlar va biznes hamjamiyati vakillari ishtirok etdilar. Uchrashuv doirasida Kengash faoliyatining strategik ustuvor yo‘nalishlari taqdim etildi, taʼsis hujjatlari imzolandi hamda B2B formatida muzokaralar o‘tkazildi.

“Dubai Chambers” rahbariyati ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik izchil rivojlanayotganini taʼkidlab, yangi Kengash biznes hamjamiyatlari o‘rtasidagi bevosita va tizimli aloqalarni kengaytirish uchun samarali institutsional maydonga aylanishini qayd etdi.

Tadbir ishtirokchilariga Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, investitsiya muhitini yaxshilash va tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida maʼlumot berildi.

Kengashning asosiy vazifalari qatoriga O‘zbekiston va BAA ishbilarmon doiralari o‘rtasida doimiy muloqotni taʼminlash, o‘zbek kompaniyalarining BAA bozoridagi ishtirokini kengaytirish, investorlarni istiqbolli loyihalarga jalb etish hamda o‘zaro savdo va investitsiyalar hajmini oshirish kiritilgan.

Dubayda Ishbilarmonlar kengashining ishga tushirilishi O‘zbekiston-BAA biznes va investitsiyaviy sherikligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish uchun kuchli turtki bo‘lishi kutilmoqda.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish