“UA.News” AA: O‘zbekiston 2030-yilga borib YIM hajmini 300 milliard dollarga yetkazmoqchi
Sentabr 04, 2026. 15:00 • 2 daq
• 41
KIYEV, 4-sentabr. /“Dunyo” AA/. Ukrainaning “UA.News” axborot agentligida O‘zbekiston Prezidentining mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqiga bag‘ishlangan maqola chop etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda qayd etilishicha, Yangi Toshkent hududida bo‘lib o‘tgan bayram tadbirida davlat rahbari tomonidan iqtisodiyot, taʼlim, sog‘liqni saqlash, atrof-muhit, qonun ustuvorligi, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish va tashqi siyosat sohalarini qamrab oluvchi yettita milliy dastur eʼlon qilindi.
Iqtisodiy va ijtimoiy maqsadlar haqida so‘z borganda, kelgusi 10 yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiyalarni jalb etish va 2030-yilga borib YAIM hajmini 300 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish, startaplar, venchur kapitali va sunʼiy intellektni ustuvor yo‘nalish sifatida rivojlantirish nazarda tutilgan.
Taʼlim sohasida 6 yoshli bolalarni tayyorlov taʼlimi bilan to‘liq qamrab olish, 1 million yoshni daromadi yuqori kasblarga o‘rgatish va kamida 10 ta oliygohni top-1000 talikka kiritish, shuningdek, suv tejovchi texnologiyalarni barcha ekin maydonlarida joriy etish kabi maqsadlar belgilangan.
Maqolada Yangi Toshkent shahri loyihasiga alohida to‘xtalib, u 20 ming gektar maydonni egallagani va 2 million aholiga mo‘ljallangani yozilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi