O‘zbekiston va Xitoyning Szyansu provinsiyasi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik mustahkamlanmoqda

Avgust 10, 2026. 20:00 • 2 daq

3
O‘zbekiston va Xitoyning Szyansu provinsiyasi o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik mustahkamlanmoqda

NANKIN, 10-avgust. /“Dunyo” AA/. Uzbekistonnning Pekindagi elchixonasi va Shanxaydagi Bosh konsulxonasi diplomatlari Szyansu provinsiyasining Nankin shahriga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston va Xitoy hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida tashkil etilgan xizmat safari davomida provinsiya rahbariyati, yirik sanoat kompaniyalari va ishbilarmon doiralar vakillari bilan qator muhim uchrashuvlar o‘tkazildi.

Xususan, Szyansu provinsiyasi Partiya qo‘mitasi kotibi Sin Chansin bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, investitsiya, savdo, logistika, sanoat, taʼlim va turizm sohalaridagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Xitoy tomoniga mamlakatimiz hududlarida xitoylik biznes vakillari uchun yaratilayotgan qulay sharoitlar, soliq imtiyozlari va preferensiyalar haqida maʼlumot berildi.

Sin Chansin Szyansu provinsiyasi O‘zbekiston hududlari bilan tajriba va aloqalar almashinuviga katta eʼtibor qaratayotganini qayd etib, hamkorlikni yana-da kengaytirish, muhim investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish, savdo-iqtisodiy munosabatlarni chuqurlashtirish hamda madaniy almashinuvni ilgari surish tarafdori ekanini bildirdi.

Szyansu — moliya, taʼlim, texnologiya va turizm sohalarida Xitoyning yetakchi provinsiyalaridan biri hisoblanadi. Hudud aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi hududiy mahsulot hajmi bo‘yicha Xitoyda birinchi, umumiy YAHM hajmi bo‘yicha (qariyb 2 trillion AQSH dollari) ikkinchi o‘rinni egallaydi.

Provinsiya elektron uskunalar, kimyoviy mahsulotlar va to‘qimachilik mahsulotlarining yirik eksportchisi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qiluvchi asosiy hududlardan biridir. Szyansuda 168 ta oliy taʼlim muassasasi faoliyat yuritadi va u tadqiqot hamda taʼlim sohasida ham yetakchilik qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish