O‘zbekiston–Yaponiya taʼlim va sanoat hamkorligining yangi yo‘nalishlari belgilab olindi
Avgust 10, 2026. 18:30 • 2 daq
• 82OKAYAMA, 10-avgust /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi diplomatlari Okayama prefekturasiga xizmat safari doirasida taʼlim va sanoat sohalarida faoliyat yurituvchi qator tashkilotlar rahbariyati bilan muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Okayama Shyoka universiteti prezidenti Akio Ijiri bilan uchrashuvda oliy taʼlim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini rivojlantirish hamda Termiz shahrida yapon taʼlim tajribasi asosida amalga oshirilayotgan yangi taʼlim loyihasida universitet ishtirokini taʼminlash masalalari muhokama qilindi.
“Junsei Gakuen” taʼlim korporatsiyasi rahbariyati bilan muzokaralarda Kibi xalqaro universitetining O‘zbekistondagi taʼlim loyihalari, qo‘shma dasturlar va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi. Yapon tomoni mamlakatimiz bilan uzoq muddatli taʼlim hamkorligini rivojlantirishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.
“Hagihara Industries Inc.” kompaniyasi bilan uchrashuvda betonni mustahkamlash uchun mo‘ljallangan “BarChip” sintetik tolalarini O‘zbekistondagi yirik infratuzilma loyihalarida qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilindi. Kompaniya mazkur mahsulot O‘zbekistonda sinovdan o‘tkazilayotgani va ijobiy natijalar olingan taqdirda uni yirik infratuzilma loyihalarida qo‘llash imkoniyati mavjudligi maʼlum qildi.
“MGH Co., Ltd.” rahbariyati bilan muzokaralarda avtomobil va maxsus texnikaga texnik xizmat ko‘rsatish, sovuq logistika va transport infratuzilmasi sohalarida hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi. Yapon tomoni O‘zbekiston oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun ishlab chiqarish amaliyoti va stajirovkalar tashkil etishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvlar yakunlariga ko‘ra, loyihalarni amaliy jihatdan ishlab chiqish, tegishli tashkilotlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish va hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



