Xivada o‘tkazilgan “Qovun sayli – 2026” xalqaro festivali Ginnessning rekordlar kitobiga kirdi
Avgust 10, 2026. 19:30 • 2 daq
• 6XIVA, 10-avgust. /“Dunyo” AA/. Qadimiy Xivada Xorazm viloyatining milliy anʼanalari, gastronomiyasi, madaniyati va sayyohlik salohiyatini o‘zida mujassam etgan “Qovun sayli – 2026” xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi hamda Xorazm viloyati hokimligi tomonidan tashkil etildi. Festival 7–9-avgust kunlari Ichan qalʼa va “Arda Khiva” sayyohlik majmuasida bo‘lib o‘tdi.
Mehmonlarga O‘zbekistonning turli hududlaridan keltirilgan 250 xil qovun navi hamda ular asosida tayyorlangan 200 dan ortiq mahsulot namoyish etildi.
Tadbir dasturidan degustatsiyalar, milliy taomlar, xalq hunarmandchiligi namunalari, folklor va teatrlashtirilgan tomoshalar, mahorat darslari hamda konsert dasturlari o‘rin oldi.
Saylga mahalliy va xorijiy sayyohlar katta qiziqish bildirdi. Festival doirasida Xivaga 186 ming kishi, jumladan, 36 ming xorijlik hamda 150 ming mahalliy sayyoh tashrif buyurdi.
Xorijliklar, sayyohlik sohasi va diplomatik korpus vakillarining ishtiroki “Qovun sayli – 2026”ning xalqaro miqyosda ekanini yaqqol ko‘rsatdi. Festivalning YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Ichan qalʼa hududida o‘tkazilgani mehmonlarga Xorazmning madaniy, gastronomik va qishloq xo‘jaligi merosini namoyish etish imkonini berdi.
Festivalning faol ishtirokchilarini taqdirlash marosimi alohida o‘rin tutdi. Unda Xorazm viloyati hokimi Jo‘rabek Rahimov ishtirok etdi.
Hakamlar hayʼati qaroriga ko‘ra, Xiva festivalning Gran-prisiga sazovor bo‘ldi va “BYD Champion” elektromobili bilan taqdirlandi. Birinchi o‘rinni egallagan Yangiariq tumaniga “Onix”, ikkinchi o‘rinni olgan Xorazm viloyati Qishloq xo‘jaligi boshqarmasiga “Cobalt” avtomobili topshirildi. Uchinchi o‘rinni egallagan Urganch davlat universiteti hamda “UzAuto Motors” AJning Xorazm filialiga “Damas” avtomobillarining kalitlari topshirildi.
Qovun saylining asosiy natijalaridan biri yangi jahon rekordining o‘rnatilishi bo‘ldi. Xiva “Eng ko‘p qovun degustatsiyasi o‘tkazilgan festival” nominatsiyasi bo‘yicha Ginnessning rekordlar kitobiga kirdi. Tadbir davomida ishtirokchilar 259 dan ortiq qovun navini tatib ko‘rdi va bu yangi xalqaro yutuq sifatida qayd etildi.
Shu tariqa, “Qovun sayli – 2026” nafaqat keng ko‘lamli madaniy-gastronomik tadbir, balki Xorazm viloyatining sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilish uchun samarali maydonga ham aylandi.
Ginnessning jahon rekordi o‘rnatilgani festivalning yorqin yakuni va Xivaning sayyohlik tarixidagi yangi, eʼtiborga molik voqea bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi





