Norvegiya qiroli Harald V vafot etdi

Avgust 28, 2026. 15:00 • 2 daq

65
Norvegiya qiroli Harald V vafot etdi

OSLO, 28-avgust. /“Dunyo” AA/. Norvegiya qiroli Harald V kam uchraydigan qon kasalligi tufayli Oslo shahridagi Milliy shifoxonada 89 yoshida vafot etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Norvegiya hukumati bayonotiga tayanib.

Harald V 35 yil davomida taxtni boshqardi va qirollik oilasini modernizatsiya qilish hamda uning yana-da ochiq bo‘lishiga hissa qo‘shgan mashhur monarx sifatida yodda qoldi. Shuningdek, u XIV asrdan beri Norvegiya hududida tug‘ilgan birinchi qirol bo‘ldi.

U 1937-yil 21-fevralda tug‘ilgan. 1957-yilda valiahd shahzodaga aylandi, 1991-yil yanvar oyida esa otasi Olav V vafotidan so‘ng taxtga o‘tirdi.

Qirol o‘zining xalqqa yaqinligi va sportdagi yutuqlari bilan tanilgan edi. U yelkanli sport bo‘yicha Olimpiya o‘yinlarida uch marta Norvegiya sharafini himoya qilgan.

1968-yilda Harald tadbirkorning qizi Sonya Haraldsenga uylandi. Bu nikoh qirollik anʼanalaridan chekinish bo‘lib, keyinchalik Norvegiya monarxiyasining zamonaviyroq va ochiq qiyofasini shakllantirishga xizmat qildi.

So‘nggi yillarda qirolning salomatligi yomonlashib, 2024-yil aprel oyidan boshlab ommaviy tadbirlardagi ishtirokini sezilarli darajada kamaytirgan edi. 2026-yil 17-avgustda Harald shifoxonaga yotqizildi, shundan so‘ng uning o‘g‘li Xokon vaqtinchalik regent vazifasini bajardi.

Harald V vafotidan keyin Norvegiya taxti uning yagona o‘g‘li Xokonga o‘tadi. Marhum qirolning ortidan rafiqasi qirolicha Sonya, qizi Marta Luiza, o‘g‘li Xokon va olti nafar nabirasi qoldi.

Taʼkidlash joizki, O‘zbekiston va Norvegiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1992-yil 10-iyunda o‘rnatilgan. O‘tgan yilning 15-may kuni O‘zbekistonning Norvegiyadagi elchisi (qarorgohi Stokgolm shahrida) Rahmatulla Nurimbetov qirol Harald Vga ishonch yorliqlarini topshirgandi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish