Klaus Shtruns: O‘zbekistondagi o‘zgarishlar va jahon hamjamiyatidagi o‘rnini kuzatish juda qiziqarli

Avgust 25, 2026. 19:00 • 2 daq

95
Klaus Shtruns: O‘zbekistondagi o‘zgarishlar va jahon hamjamiyatidagi o‘rnini kuzatish juda qiziqarli

TOSHKENT, 25-avgust. /“Dunyo” AA/. “Euronews” bosh direktori Klaus Shtruns Markaziy Osiyoning Yevropa uchun ahamiyati ortib borayotganini taʼkidlab, mintaqalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga chaqirdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

U bu haqda Toshkentda o‘tayotgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumida “24.kg” axborot agentligiga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Klaus Shtrunsning so‘zlariga ko‘ra, 1980-yillarda G‘arb ommaviy axborot vositalarining axborot kun tartibida Markaziy Osiyo deyarli tilga olinmagan. Mintaqa haqida asosan xavfsizlik masalalari va ayrim favqulodda hodisalar doirasida so‘z yuritilgan.

“Bugun vaziyat butunlay boshqacha. Mintaqa tarixi zamonaviy jahon kun tartibining bir qismiga aylanib borayotganini ko‘rib turibmiz”, – deb taʼkidladi u.

“Euronews” rahbari O‘zbekistondagi o‘zgarishlar haqida gapirar ekan, G‘arb auditoriyasi uchun mamlakat to‘g‘risidagi ilk reportajlarini yodga oldi. O‘shanda u bozorlar, ziravorlar, yorqin ranglar, qimmatbaho toshlar, matolar va mazali mevalar xususida keng yoritgan.

Uning taʼkidlashicha, O‘zbekistondagi o‘zgarishlar va uning jahon hamjamiyatidagi o‘rnini kuzatish ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Klaus Shtruns O‘zbekistonning Rossiya, Xitoy, Hindiston va Yevropa o‘rtasidagi geografik joylashuvi haqida ham to‘xtalib o‘tdi. Uning fikricha, ushbu zamin Markaziy Osiyoni savdo, yangi bozorlarni rivojlantirish va xavfsizlik sohasidagi hamkorlik uchun muhim makonga aylantirmoqda.

“Yevropaning O‘zbekiston va Markaziy Osiyoga diqqat bilan nazar solish vaqti keldi”, – dedi u.

“Euronews” rahbarining fikricha, mamlakatlar o‘rtasidagi zamonaviy aloqalar transport infratuzilmasi doirasidan chetga chiqishi lozim. Ular davlatlarni madaniy, iqtisodiy, siyosiy va gumanitar darajalarda birlashtirishi mumkin.

Klaus Shtruns yangi Ipak yo‘li konsepsiyasiga alohida to‘xtalib o‘tdi. U bu tushuncha faqat yo‘llar va logistika bilan cheklanib qolmasligi kerakligini taʼkidladi.

Uning fikricha, zamonaviy Ipak yo‘li bilim va ilmiy g‘oyalar, texnologiya va innovatsiyalar, til va madaniyatlar, taʼlim amaliyotlari va raqamli yechimlar almashinuvini taʼminlashi kerak.

“Biz zamonaviy Ipak yo‘lini odamlar, mamlakatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi aloqalar tizimi sifatida qabul qilishimiz zarur”, – deya qayd etdi “Euronews” vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent, Samarqand va Buxoro tarixiy meros, zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalarni o‘zida mujassam etgan yangi xalqaro hamkorlik markazlariga aylanishi mumkin.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish