Logo

“UN Journal”: Toshkent investitsiya forumi yangi strategik imkoniyatlar maydoniga aylanadi

May 05, 2026. 18:25 • 2 daq

36
“UN Journal”: Toshkent investitsiya forumi yangi strategik imkoniyatlar maydoniga aylanadi

SEUL, 5-may. /“Dunyo” AA/. Janubiy Koreyaning nufuzli “UN Journal” nashrida “Toshkent xalqaro investitsiya forumi – 2026: Yangi imkoniyatlar va strategik hamkorlik” sarlavhali tahliliy maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada taʼkidlanishicha, Toshkent yana bir bor jahon biznesining diqqat markaziga aylanib, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, hukumat vakillari va yirik investorlarni o‘z maydonida jamlaydi. Bu galgi forumda Yangi O‘zbekistonning investitsiya siyosati, yuqori texnologik rivojlanish yo‘nalishlari va yashil iqtisodiyotga qaratilgan strategik yondashuvi namoyish etilishi ko‘zda tutilgan.

Muallif O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi strategik sheriklik ko‘lami kengayib borayotganiga alohida eʼtibor qaratgan. Xususan, koreys kompaniyalari mamlakatni energetika, raqamlashtirish va mashinasozlik sohalaridagi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun Markaziy Osiyodagi asosiy davlat sifatida ko‘rmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston rahbariyati tomonidan xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan yangi kafolatlar va davlat aktivlarini xususiylashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor yo‘nalishlar yuqori baholangan. Islohotlarning shaffofligi va barqaror iqtisodiy o‘sish mamlakatni Yevroosiyo hududidagi eng jozibador sarmoyaviy markazlardan biriga aylantirmoqda.

Maqola xulosasida O‘zbekiston ushbu nufuzli forumga puxta tayyorgarlik ko‘rayotgani, xorijlik ekspertlar bilan turli hamkorlik kelishuvlari imzolanishi rejalashtirilayotgani taʼkidlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Zebo Meliyeva

zebo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish