Logo

Samarqandda Markaziy Osiyoning sifatli investitsiyalari va moliyaviy arxitekturasini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi

May 05, 2026. 17:55 • 3 daq

98
Samarqandda Markaziy Osiyoning sifatli investitsiyalari va moliyaviy arxitekturasini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi
Samarqandda Markaziy Osiyoning sifatli investitsiyalari va moliyaviy arxitekturasini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi
Samarqandda Markaziy Osiyoning sifatli investitsiyalari va moliyaviy arxitekturasini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi

SAMARQAND, 5-may. /“Dunyo” AA/. Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yig‘ilishi doirasida “Markaziy Osiyoda sifatli va barqaror to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni rag‘batlantirish: kapital bozorlarini rivojlantirish, Toshkent xalqaro moliya markazi va investorlarni himoya qilish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Tadbir mintaqada investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, moliyaviy infratuzilmani takomillashtirish va investorlar huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini mustahkamlash istiqbollarini muhokama qilish uchun asosiy maydonlardan biriga aylandi.

O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev o‘z nutqida so‘nggi yillarda mamlakat barqaror iqtisodiy o‘sish dinamikasini namoyish etayotganini taʼkidladi. O‘tgan yili yalpi ichki mahsulotning o‘sishi qariyb 7,7 foizni tashkil etdi. Jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi esa 147 milliard AQSH dollaridan oshdi, bu avvalgi yillarga nisbatan ikki baravardan ko‘proqdir.

Taʼkidlanganidek, bu davrda O‘zbekistonning suveren kredit reytingi S&P, Fitch va Moody‘s xalqaro agentliklari tomonidan ijobiy prognoz bilan BB darajasiga ko‘tarildi, bu esa xalqaro bozorlarda ishonch kuchayganini aks ettiradi.

Moliya sektorini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, 2025-yilda O‘zbekiston bozor kapitallashuvi qariyb 2 milliard dollar bo‘lgan va Toshkent hamda London fond birjalarida ikki tomonlama ro‘yxatga olingan Milliy investitsiya jamg‘armasining (UzNIF) IPOsini muvaffaqiyatli amalga oshirdi. Yetakchi xalqaro institutsional fondlar, jumladan “BlackRock” va “Franklin Templeton” asosiy investorlar sifatida ishtirok etdi.

Maʼruza davomida investitsiya sohasidagi islohotlarning asosiy yo‘nalishlari haqida maʼlumot berildi. Xususan, eng yaxshi xalqaro amaliyotlar, jumladan, ingliz huquqi normalarini qo‘llash, mustaqil sud tizimi va zamonaviy tartibga solish muhiti asosida faoliyat yuritadigan Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, qonunchilik bazasini takomillashtirish, jumladan, muqobil investitsiya fondlari institutini rivojlantirish, zamonaviy moliyaviy vositalarni joriy etish va investorlar uchun huquqiy kafolatlarni kuchaytirish qayd etildi. Investitsiyaviy nizolarni hal etish mexanizmlarini modernizatsiya qilish va ishbilarmonlik muhiti shaffofligini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Xalqaro tamoyillarga mos keladigan masʼuliyatli biznes yuritish standartlarini joriy etish muhimligi taʼkidlandi. Bu investorlarning ishonchini mustahkamlash va iqtisodiy o‘sish barqarorligini oshirishga xizmat qiladi.

Mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish, jumladan, Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlarining investitsiya siyosatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tashabbuslar, transchegaraviy investitsiya loyihalarini ilgari surish uchun yangi platformalarni shakllantirish alohida qayd etildi.

O‘z navbatida, Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kanda davom etayotgan global iqtisodiy noaniqlik sharoitida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar barqaror rivojlanish va iqtisodiyotlarning tarkibiy o‘zgarishini taʼminlashda muhim rol o‘ynashini taʼkidladi.

Uning taʼkidlashicha, investitsiyalar ishonch mavjud bo‘lgan joyga – barqaror siyosat, kuchli institutlar va bashorat qilinadigan huquqiy tizimga keladi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro hamkorlar tomonidan ijobiy baholanmoqda.

Osiyo taraqqiyot banki ko‘p yillardan buyon O‘zbekistondagi islohotlarni, jumladan, investitsiya qonunchiligi, moliya bozorlarini rivojlantirish va xalqaro arbitraj institutini mustahkamlash sohasidagi islohotlarni faol qo‘llab-quvvatlab kelayotgani taʼkidlandi.

Nizolarni hal qilish mexanizmlarining bashorat qilinishi va adolatliligi uzoq muddatli investitsiyalarni jalb qilishning eng muhim omili ekani taʼkidlandi. Shu munosabat bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro investitsiya hamjamiyatining ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Tadbir yakunida ishtirokchilar Markaziy Osiyoda barqaror iqtisodiy o‘sish va sifatli investitsiyalar oqimini kengaytirishga xizmat qiladigan qulay investitsiya muhitini yaratish bo‘yicha mintaqaviy hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish va saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish muhimligini taʼkidladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish