O‘zbekiston va Misr o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida yangi loyihalar amalga oshiriladi

Sentabr 28, 2026. 18:30 • 2 daq

•
O‘zbekiston va Misr o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida yangi loyihalar amalga oshiriladi
O‘zbekiston va Misr o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida yangi loyihalar amalga oshiriladi
O‘zbekiston va Misr o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida yangi loyihalar amalga oshiriladi
O‘zbekiston va Misr o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida yangi loyihalar amalga oshiriladi

QOHIRA, 28-sentabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning ikki yuz nafardan ortiq vakillarini birlashtirgan delegatsiyaning Misrga xizmat safari amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tashrif O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yangi amaliy mazmun bilan boyitish, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish maqsadida tashkil etildi.

Delegatsiyaning asosiy maqsadi Misrning cho‘l hududlarini qishloq xo‘jaligi oborotiga kiritish, markaziy pivot usulida sug‘oriladigan maydonlarda ekinlar va chorva uchun ozuqa yetishtirish, yangi o‘zlashtirilgan yerlarda chorvachilikni rivojlantirish hamda sohadagi moliyalashtirish mexanizmlarini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.

Safar davomida Misrning suv resurslarini tejamkor boshqarish, zamonaviy irrigatsiya texnologiyalarini qo‘llash va foydalanilgan suvni qayta ishlab, takroriy ishlatish tajribasi atroflicha o‘rganildi.

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunovning taklifiga binoan Misr Suv xo‘jaligi va irrigatsiya vazirligining tajribali mutaxassislaridan iborat ishchi guruhning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish masalasi bo‘yicha kelishib olindi.

Tashrifning muhim natijalaridan biri qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot sohasidagi kelishuvlar bo‘ldi. Tomonlar O‘zbekiston va Misr o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha fikr-mulohaza almashdi.

Xususan, Misr Qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot markazi (ARC) bilan hosildor bug‘doy, makkajo‘xori va cho‘l iqlimiga mos guruch navlarini O‘zbekiston sharoitida sinovdan o‘tkazish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Navoiy viloyatida tajriba maydonlarini tashkil etish va kelgusida Misr ilmiy-tadqiqot markazi filialini O‘zbekistonda ochish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.

Mazkur tashrif O‘zbekiston–Misr qishloq xo‘jaligi hamkorligini tajriba almashishdan amaliy loyihalar bosqichiga olib chiqish uchun muhim qadam bo‘ldi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish