O‘zbekiston va Belarus kompaniyalari o‘rtasida yangi sheriklik shartnomalari imzolandi
Sentabr 26, 2026. 12:30 • 2 daq
• 168MINSK, 26-sentabr. /"Dunyo" AA/. Belarus poytaxtida «UzTextile Mission 2026» doirasida xalqaro B2B formatdagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
Tadbirda O‘zbekiston va Belarusdan 120 nafardan ortiq tadbirkor qatnashdi. Ishtirokchilar o‘zaro xomashyo va tayyor mahsulotlar yetkazib berish, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj tarmoqlarida ishlab chiqarish kooperatsiyasi hamda qo‘shma loyihalarni ishga tushirish masalalarini muhokama qildi.
Yurtimiz ishbilarmonlari ikki davlat o‘rtasida bir-birini to‘ldiruvchi ishlab chiqarish imkoniyatlari mavjudligini ta’kidladi. O‘zbekistonda rivojlangan xomashyo va ishlab chiqarish bazasi, jumladan, paxtani qayta ishlash, ip-kalava, mato va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlari mavjud. Belarus esa keng ko‘lamli sanoat tajribasiga, xususan, zig‘ir va jun to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha salohiyatga ega.
O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatining eksport salohiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Tarmoq korxonalari tomonidan dunyoning 80 dan ortiq davlatiga yiliga 3 milliard dollardan ziyod mahsulot yetkazib berilmoqda. Yurtimizda har yili 100 dan ortiq yangi to‘qimachilik korxonasi tashkil etilmoqda.
Uchrashuv davomida «Bellegprom», «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi hamda tashkilotchi kompaniya «EXPOGATE» vakillari o‘rtasida hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Ikki mamlakat kompaniyalari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri B2B formatida muzokaralar ham tashkil etildi. Unda o‘zbekistonlik ip-kalava, trikotaj, uy to‘qimachiligi va tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar belaruslik hamkorlar bilan o‘zaro yetkazib berish, ishlab chiqarish kooperatsiyasi va qo‘shma loyihalar istiqbollari xususida fikr almashdi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Belarus biznes vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma kelishuvlariga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi

