Eron AQSh bilan Ho‘rmuz bo‘yicha mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal etishni talab qilmoqda

Sentabr 28, 2026. 17:00 • 2 daq

• 94
Eron AQSh bilan Ho‘rmuz bo‘yicha mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal etishni talab qilmoqda

VASHINGTON–TЕHRON, 28-sentabr. /“Dunyo” AA/. AQSh Prezidenti Donald Tramp Tehronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi faoliyatini qayta tiklash va harbiy harakatlarni to‘xtatish taklifini rad etganidan so‘ng, Eron AQSh va Isroil bilan mojaroni faqat diplomatik yo‘l bilan hal qilish mumkinligini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri “Reuters” agentligiga tayanib.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arakchi Tehronning shartlari bajarilgan taqdirdagina Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron va AQSh o‘rtasidagi aloqalarda ishtirok etayotgan vositachilar hozircha Vashington pozitsiyasini Tehronga rasman yetkazmagan.

Avvalroq Eron Nyu-Yorkdagi BMT Bosh Assambleyasida mojaroni to‘xtatish taklifini taqdim etgan va uni Qatardagi vositachilar orqali Amerika tomoniga yetkazgan edi. Prezident Donald Tramp bu rejani rad etganini aytdi, biroq keyinchalik amerikalik muzokarachilar shu hafta Tehron bilan aloqalarni davom ettirish niyatida ekanini ma’lum qildi.

AQShning BMTdagi doimiy vakili Mayk Uoltsning so‘zlariga ko‘ra, Vashington bu taklifga rozi bo‘lmagan, chunki Tehron keyingi muzokaralar boshlanishidan oldin sanksiyalarni zudlik bilan bekor qilish va aktivlarni muzlatishdan chiqarishni talab qilgan. Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon mamlakat yadro dasturi va boshqa masalalarni muhokama qilishga tayyorligini, biroq bosim yoki tahdidlarga rozi bo‘lmasligini aytdi.

28-fevral kuni AQSh va Isroilning Eronga bergan zarbalaridan so‘ng boshlangan mojaro Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali kema qatnovida katta uzilishlarga olib keldi hamda jahon neft yetkazib berish tarmog‘i va iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Eron kuchlari mintaqadagi Amerika ittifoqchilariga ham zarba bergan.

Ayni paytda Saudiya Arabistoni mojaroga tobora ko‘proq jalb qilinmoqda. Yaman husiylari bir necha bor mamlakat hududiga zarbalar bergan va ularning Yamandagi siljishlari Saudiya Arabistonining Qizil dengiz orqali neft eksportiga tahdid solmoqda.

Keskinlik fonida Saudiya Arabistoni hukumati Ar-Riyoddagi ba’zi maktablarda darslar masofaviy formatga o‘tkazilgani haqida ma’lum qildi. Yamanda ham Taiz viloyatidagi bozorga berilgan zarba oqibatida tinch aholi halok bo‘lgani va yaralangani haqida xabar berilgan.

“Arab News” surati

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish