O‘zbekiston va Mavrikiy savdo-iqtisodiy va turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish niyatida
Sentabr 21, 2026. 10:30 • 2 daq
• 178
ISLOMBOD, 21-sentabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Mavrikiyning Pokistondagi elchisi Munsoo Kurrimbakkus bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot davomida O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, iqtisodiyotning o‘sishi, xorijiy investorlar va tadbirkorlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar va imkoniyatlar haqida to‘xtalib o‘tildi.
Tomonlar O‘zbekiston va Mavrikiy o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari, xususan, turizm, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Mavrikiy elchisi O‘zbekiston bilan hamkorlikni faollashtirish o‘z mamlakati rahbariyati diqqat markazida turganini ta’kidladi.
Munsoo Kurrimbakkusning ta’kidlashicha, O‘zbekiston bilan yaqin aloqalar o‘rnatish juda muhim. Shu maqsadda, joriy yil dekabr oyidan boshlab Port-Lui va Toshkent shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilmoqda.
Mazkur yo‘nalishning ochilishi kelgusida sayyohlik, ishbilarmonlik, gumanitar munosabatlarni kengaytirish hamda O‘zbekiston va Mavrikiy o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun ham sharoit yaratadi.
Muzokaralar chog‘ida halol turizmni rivojlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Mavrikiyda musulmon aholining salmog‘i sezilarli ekani va halol turizm infratuzilmasi rivojlangan mamlakatlarga turistik yo‘nalishlarni kengaytirishga qiziqish mavjudligi qayd etildi.
Shu bilan birga, O‘zbekistondan Mavrikiy bozoriga halol go‘sht va kolbasa mahsulotlarini eksport qilishni yo‘lga qo‘yish xususida fikr almashildi. Mavrikiy O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilarining Afrika davlatlari bozorlariga chiqishi uchun istiqbolli maydon sifatida ham qiziqish uyg‘otadi.
Uchrashuv yakunida biznes-delegatsiyalarning o‘zaro tashrifini tashkil etish, ikki mamlakat turizm tashkilotlari o‘rtasida onlayn suhbatlar tashkil etish, qo‘shma turistik taqdimotlar va “road show” tadbirlarini o‘tkazish bo‘yicha takliflar qo‘llab-quvvatlandi.
O‘zbekiston va Mavrikiy o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1999-yil 4-avgustda o‘rnatilgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi