O‘zbekiston va Suriya Qo‘shma iqtisodiyot va savdo qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida memorandum imzoladi
Sentabr 20, 2026. 15:30 • 2 daq
• 81
TOSHKЕNT, 20-sentabr. /“Dunyo” AA/. Suriya iqtisodiyot va sanoat vaziri Nidal ash-Shaar boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif doirasida Nidal ash-Shaar O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov bilan muzokara o‘tkazdi.
Tomonlar investitsiyalarni jalb qilish mexanizmi, sanoat va savdo loyihalarini rivojlantirish, investorlar uchun imkoniyatlarni aniqlashdan tortib loyihalarni amalga oshirishgacha bo‘lgan jarayonni soddalashtirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini muhokama qildi.
Muzokaralar yakunida idoralar Qo‘shma iqtisodiyot va savdo qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida memorandum imzoladi. U axborot almashish, biznes uchun yangi imkoniyatlarni izlash, yuzaga keladigan masalalarni hal qilish, savdo va hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar tayyorlash bilan shug‘ullanadi.
Qo‘mita yig‘ilishlarini har yili navbatma-navbat Suriya va O‘zbekistonda xususiy sektor vakillari ishtirokida o‘tkazish rejalashtirilgan.
Suriya tomoni O‘zbekistonning sanoatni rivojlantirish tajribasini o‘rganib, qo‘llanilayotgan modellarni Suriya ehtiyojlarini hisobga olgan holda moslashtirish, jumladan, sanoatning raqobatbardoshligini oshirish va ishlab chiqarishni ko‘paytirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
19-sentabr kuni Toshkentda O‘zbekiston–Suriya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Suriya tomonidan to‘qimachilik, farmatsevtika, oziq-ovqat va kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika va boshqa sohalarda faoliyat yurituvchi 30 dan ortiq yirik kompaniya rahbarlari ishtirok etdi.
Muloqot davomida ko‘rgazma sohasidagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Suriya Ko‘rgazmalar va xalqaro bozorlar bosh boshqarmasi bosh direktori Muhammad Hamza Damashqda “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” ko‘rgazmasini o‘tkazish, ikki mamlakat ko‘rgazmalarida milliy pavilonlar tashkil etish, iqtisodiy forumlar va to‘g‘ridan to‘g‘ri ishbilarmonlik uchrashuvlarini uyushtirish masalalarini muhokama qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi