Osiyo o‘yinlarida vakillarimiz hozircha ikkita medalni qo‘lga kiritdi

Sentabr 21, 2026. 11:30 • 2 daq

40
Osiyo o‘yinlarida vakillarimiz hozircha ikkita medalni qo‘lga kiritdi
Osiyo o‘yinlarida vakillarimiz hozircha ikkita medalni qo‘lga kiritdi
Osiyo o‘yinlarida vakillarimiz hozircha ikkita medalni qo‘lga kiritdi

AICHI-NAGOYA, 21-sentyabr. /“Dunyo” AA/. Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida davom etayotgan XX yozgi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi ikkita medalni qo‘lga kiritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekistonlik sportchilar musobaqaning ikkinchi kunida yana bir medalga ega bo‘ldi. Osiyo o‘yinlari dasturiga ilk bor kiritilgan MMA bahslarida -71 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan Nodirbek Shavkatov yarim finalda qozog‘istonlik Qodirbek Shinbayevga imkoniyatni boy berib, bronza medal bilan kifoyalandi.

Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasi hisobida hozircha bir kumush va bir bronza medal bor.

Dastlabki medalni karate ustasi Humoyunmirzo Halimov qo‘lga kiritgan edi. U -55 kilogramm vazn toifasidagi hal qiluvchi bahsda kumush medalga sazovor bo‘ldi.

MMA musobaqalarida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Firdavs Atamuradov va Hilola Sobirova esa final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

-60 kilogramm vazn toifasida bahs olib borgan Firdavs Atamuradov yarim finalda qirg‘izistonlik Dastan Kanibek uluni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. U finalda tojikistonlik Mirzobek Umarovga qarshi bahs olib boradi.

Ayollar o‘rtasida -60 kilogramm vazn toifasida ishtirok etayotgan Hilola Sobirova ham yarim finalda muvaffaqiyat qozondi. U kambodjalik Dalin Chenni ikki raundda ham yaqqol ustunlik bilan mag‘lub etib, finalga yo‘l oldi. Endi o‘zbekistonlik sportchi hal qiluvchi bahsda Singapur vakili Xui Xun Teoga qarshi ringga chiqadi.

Osiyo o‘yinlarida hozircha Xitoy medallar jadvalida peshqadamlik qilmoqda. Kuchli uchlikda, shuningdek, Yaponiya va Janubiy Koreya sportchilari egallab turibdi.

Bugun O‘zbekiston vakillari 10 ta sport turida bahslarga kirishadi. Jumladan, sportchilarimiz triatlon, o‘q otish, sport gimnastikasi, stol tennisi, MMA, suv polosi, chim ustida xokkey, futbol, 3x3 basketbol va ushu bo‘yicha musobaqalashadi.

Kun davomida MMA bo‘yicha Firdavs Atamuradov va Hilola Sobirovaning final bahslari hamda jamoaviy sport turlarida O‘zbekiston vakillarining muhim uchrashuvlari o‘rin olgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish