O‘zbekiston va Pokiston Transafg‘on temir yo‘li loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish masalalarini muhokama qildi

Iyul 13, 2026. 16:00 • 2 daq

52
O‘zbekiston va Pokiston Transafg‘on temir yo‘li loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish masalalarini muhokama qildi

ISLOMOBOD, 13-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokiston temir yo‘llari vazirining birinchi o‘rinbosari Mazhar Ali Shah bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida temir yo‘l transporti sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yana-da rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, ikki davlat rahbarlari tomonidan belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirishni jadallashtirish, yangi xalqaro transport va logistika loyihalarini birgalikda ishlab chiqish, shuningdek, yuk tashish jarayonlarining samaradorligini oshirish maqsadida raqamli yechimlarni keng joriy etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri strategik ahamiyatga ega Transafg‘on temir yo‘li loyihasi bo‘ldi. Mazkur loyiha doirasida bugungi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, uning joriy holati hamda navbatdagi bosqichlarda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan fikr almashildi. Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash ishlarini tezlashtirish va amaliy bosqichga o‘tish muhimligi taʼkidlandi.

Pokiston temir yo‘llari vazirining birinchi o‘rinbosari ushbu loyihaning amalga oshirilishi, eng avvalo mintaqa davlatlari iqtisodiy manfaatlariga xizmat qilishini qayd etdi.

“Mazkur loyihaning amalga oshirilishidan birinchi navbatda Pokiston manfaatdor, – dedi u. – Loyihani belgilangan muddatlarda yakunlash mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi transport bog‘liqligini yana-da mustahkamlaydi, yuk tashish imkoniyatlarini kengaytiradi va mamlakatlarimiz logistika va tranzit salohiyati samaradorligini sezilarli darajada oshiradi. Shu bois, Pokiston temir yo‘llari vazirligi ushbu yo‘nalishdagi ishlarni jadallashtirishga to‘liq tayyor”.

Muloqot davomida O‘zbekiston tomoni loyihani amalga oshirish bo‘yicha amaliy tayyorgarlik ishlari haqida maʼlumot berdi. Xususan, tegishli mutaxassislardan iborat ishchi guruh shakllantirilgani, zarur texnik uskunalar tayyorlangani va dala tadqiqotlarini boshlash uchun barcha tashkiliy va texnik tayyorgarlik ishlari to‘liq yakunlangani qayd etildi.

Uchrashuv yakunida Transafg‘on temir yo‘li loyihasini amalga oshirish ishlarini yana-da jadallashtirish maqsadida O‘zbekiston, Pokiston va boshqa ishtirokchi davlatlar mutaxassislari ishtirokida uch tomonlama onlayn uchrashuv tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Tomonlar mazkur strategik transport yo‘lagini barpo etish nafaqat O‘zbekiston va Pokiston, balki butun Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratishi, o‘zaro savdo hajmini oshirish, transport-logistika infratuzilmasini takomillashtirish hamda mintaqaviy integratsiya jarayonlarini yana-da mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladilar.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish