O‘zbekiston Prezidenti raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qora metallurgiyani yana-da rivojlantirish vazifalari belgilandi

Iyul 13, 2026. 16:15 • 6 daq

23
O‘zbekiston Prezidenti raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda qora metallurgiyani yana-da rivojlantirish vazifalari belgilandi

TOSHKENT, 13-iyul. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun O‘zbekiston metallurgiya kombinatida qora metallurgiya sanoatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, O‘zbekiston yetakchisi qora metallurgiya qurilish, qurilish materiallari, avtomobilsozlik, mashinasozlik, energetika va elektrotexnika kabi jami 50 milliard dollarlik iqtisodiyot tarmoqlari uchun asosiy xomashyolardan biri ekanini taʼkidladi.

Iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazib, yalpi ichki mahsulotni 2030-yilda 240 milliard dollarga yetkazish uchun yiliga kamida 8-9 foizli o‘sishni taʼminlash zarur. Mazkur jarayonda metallurgiya sanoati barqaror xomashyo bazasi, raqobatbardosh mahsulot va zamonaviy texnologiyalarga tayanishi shart.

Shu bilan birga, sohada importga bog‘liqlik, tannarx va energiya sarfining yuqoriligi, raqamlashtirish va sunʼiy intellektni joriy qilish bo‘yicha natijalar yetarli emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Jahondagi ziddiyatlar va asosiy transport yo‘laklaridagi logistika muammolari sharoitida ayni masalalar yana-da dolzarb ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.

So‘nggi o‘n yilda mamlakatimizda po‘lat list, navli prokat, quvurlar va metall konstruksiyalarga ehtiyoj 3 karra ortib, 5,5 million tonnaga yetdi. Yangi qurilayotgan atom elektr stansiyasi, To‘rtinchi mis boyitish fabrikasi va yangi mis eritish zavodining o‘ziga 2,5 million tonnaga yaqin po‘lat list va armatura kerak bo‘ladi.

Kelgusi besh yilda 180 milliard dollarlik yangi quvvatlar ishga tushiriladi, 27 milliard dollarlik infratuzilma loyihalari amalga oshirilib, 800 ming xonadonli ko‘p qavatli uy-joylar barpo etiladi. Buning natijasida metall mahsulotlariga yillik ehtiyoj 2030-yilgacha 1,5 barobar ko‘payib, 8 million tonnadan oshadi.

Bugungi kunda Bekobod metallurgiya kombinati metall prokatning 40 foizini ikkilamchi metaldan, 60 foizini import hisobidan ishlab chiqarmoqda. Respublika bo‘yicha har yili 700 ming tonna qora metallolom kombinatga topshirilayotgan bo‘lsa-da, yana 500 ming tonna metallolom xufiyona aylanmada qolmoqda.

Shu bois, qora metall aylanmasi bilan bog‘liq barcha jarayonlar elektron platforma orqali real vaqt rejimida monitoring qilinadi. Sohada sog‘lom raqobat muhiti va narx barqarorligini taʼminlash, taʼsirchan nazorat mexanizmlarini o‘rnatish uchun Hukumatda alohida Loyiha ofisi tashkil etiladi. 1-avgustdan “Ye-lom” elektron platformasini ishga tushirib, qora metall aylanmasini nazoratga olish topshirildi.

Mamlakatimizda 1,5 milliard tonna temir ruda zaxirasi mavjud. “Surun-ota” konidan yiliga 650 ming tonna temir xomashyosini olish bo‘yicha xitoylik hamkorlar bilan kelishuvga erishilgan. Shuningdek, “Tebinbuloq” konini ishga tushirish orqali yiliga 1 million tonna po‘lat ishlab chiqarish imkoni yaratilishi, Tojikiston metallurgiya kombinatidan yiliga 700 ming tonna temir xomashyosini olib kelish bo‘yicha shartnomani rasmiylashtirishni tezlashtirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yirik xususiy korxonalar geologiya-qidiruv ishlari, konlardan xomashyo qazib olish va tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq texnologik zanjirni tashkil etishga tayyor ekani taʼkidlanib, buning uchun ularga sharoit yaratish zarurligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari temir sifatini oshirish uchun marganes va ferrosilitsiy xomashyosiga ham talab ortishini taʼkidladi. Mutasaddilarga istiqbolli maydonlarni sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilib, temir va uni boyitishga zarur minerallar zaxirasini ko‘paytirish bo‘yicha geologiya dasturini ishlab chiqish topshirildi.

Metallurgiya sohasida 150 ga yaqin o‘rta va kichik xususiy korxonalar faoliyat yuritmoqda. Ularni xomashyo bilan barqaror taʼminlash maqsadida chetdan xomashyoni markazlashgan holda olib kelish bo‘yicha alohida kompaniya tashkil etiladi. Ushbu kompaniyaga 200 million dollar ajratiladi, import xomashyo faqat birja orqali sotiladi.

Yig‘ilishda metall mahsulotlari assortimentini kengaytirish, yirik kombinatlar va xususiy korxonalar o‘rtasida kooperatsiyani kuchaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Bugun ishga tushirilgan Quyuv-prokatlash majmuasi hisobiga avtomobilsozlik, maxsus transport, texnologik uskunalar, maishiy va qishloq xo‘jaligi texnikalari, qurilish materiallari sohalarida 1,5 milliard dollarlik mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish imkoniyati yaratilmoqda.

Mutasaddilarga choksiz quvur, sovuq prokat, metalni 3D usulda bosib chiqarish va yuqori aniqlikda ishlov berish bo‘yicha loyihalar to‘plamini tayyorlash topshirildi.

Bekobod metallurgiya kombinatidagi 90 gektar maydonda tayyor infratuzilmaga ega “O‘zbekiston ekologik texnologiyalar sanoat parki” tashkil etiladi. U yerda qora metallar bo‘yicha R&D markazi va xalqaro sertifikat beradigan zamonaviy laboratoriya ishga tushiriladi.

Shuningdek, Samarqand, Jizzax, Namangan va Sirdaryodagi yirik metallurgiya korxonalari atrofida jami 100 million dollarlik kooperatsiya loyihalari dasturini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Bu hududlarda qo‘shilgan qiymat zanjirini kengaytirish va yangi mahsulotlarni mahalliylashtirishga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda metallurgiya sanoatida raqamlashtirish va sunʼiy intellektni joriy etish masalasi ham muhokama qilindi. Olmaliq kombinatida sunʼiy intellekt orqali operatsion xarajatlar, tannarx va energiya sarfini kamaytirish, mehnat unumdorligini oshirish bo‘yicha natijalar borligi qayd etildi.

Metallurgiya korxonalarida sunʼiy intellekt va raqamlashtirish orqali uskunalardan foydalanish samaradorligini 20 foizga oshirish, tannarxni 10 foiz, energiya sarfini 15 foiz, texnik xizmat xarajati va texnologik uzilishlarni 20 foizga qisqartirish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi.

Metallurgiya sanoatiga “aql markazi” sifatida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi belgilandi. Shuningdek, sohaga Navoiy va Olmaliq kombinatlarining ilmiy markazlari, Texnologik metallar kombinatining “O‘zbekiston – Koreya” ilmiy-texnologik markazi, Toshkent texnika universiteti, Navoiy konchilik va texnologiyalar universiteti, Olmaliq texnika instituti hamda “Moskva po‘lat va qorishmalar instituti”ning Olmaliq filiali biriktirildi.

Ushbu ilmiy muassasalar va oliygohlar yangi turdagi materiallarga talabni, uni qoplash uchun qaysi hududda qanday loyiha qilish va qanday texnologiyadan foydalanish zarurligini, qaysi yo‘nalishlarda kadr tayyorlash kerakligini tahlil qiladi. Har bir hudud kesimida bir yillik, uch yillik va besh yillik dasturlar ishlab chiqiladi.

Yangi o‘quv yilidan Bekobod kombinatida qora metallurgiya bo‘yicha kafedra ochilib, dual taʼlim yo‘lga qo‘yiladi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga metallurgiya sohasidagi muammolarni bir joyga jamlaydigan raqamli platformani ishga tushirish topshirildi. Ilmiy ishlanmalarni moliyalashtirish va amaliyotga joriy qilish bo‘yicha venchur fond tashkil etiladi.

Davlatimiz rahbari sohada “texnologik sakrash” qilish zarurligini taʼkidlab, qora metallurgiyada xomashyo bazasini kengaytirish, importga qaramlikni kamaytirish, raqamlashtirish va sunʼiy intellektni keng joriy etish, yangi mahsulotlarni mahalliylashtirish hamda xususiy sektor bilan kooperatsiyani kuchaytirishni asosiy vazifalar sifatida belgilab berdi.

Yig‘ilishda soha mutasaddilari va hududlar rahbarlarining hisobotlari tinglandi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish