O‘zbekiston va AQSh strategik va iqtisodiy sheriklikning yangi bosqichiga qadam qo‘ymoqda
Oktabr 19, 2026. 18:00 • 2 daq
• 1
OSTONA, 19-oktabr. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonning “Infozakon” nashrida AQSh davlat kotibi Marko Rubioning Samarqandga tashrifi, O‘zbekiston–AQSh munosabatlari dinamikasi hamda “C5+1” formati istiqbollariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, Samarqandda bo‘lib o‘tadigan “C5+1” sammiti O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish va mintaqaviy aloqalarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
2015-yilda tashkil etilgan “C5+1” formati bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh o‘rtasidagi siyosiy muloqot, iqtisodiy hamkorlik va xavfsizlik masalalarini muhokama qilishning muhim maydoniga aylandi. 2023-yilda Nyu-Yorkda o‘tkazilgan sammitdan so‘ng hamkorlik savdo, investitsiya, transport, energetika va muhim minerallar sohalarida yangi bosqichga ko‘tarildi.
2025-yil noyabr oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan sammit doirasida mintaqa mamlakatlari uchun umumiy qiymati 25 milliard dollardan ortiq savdo va investitsiya kelishuvlari e’lon qilindi. Ushbu kelishuvlar aviatsiya, qishloq xo‘jaligi texnikasi, temir yo‘l infratuzilmasi, raqamli texnologiyalar va muhim minerallarni o‘zlashtirish kabi yo‘nalishlarni qamrab oldi.
Nashrda qayd etilishicha, O‘zbekiston–AQSh iqtisodiy hamkorligi izchil kengaymoqda. 2017–2025-yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 4,7 barobarga oshib, 1 milliard dollarga yetdi. 2026-yil yanvar–avgust oylarida esa o‘zaro savdo 810,4 million dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 33,4 foizga o‘sdi.
Hamkorlikni rivojlantirishda yangi moliyaviy mexanizmlar ham muhim o‘rin tutmoqda. AQSH Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) bilan tashkil etilgan qo‘shma investitsiya platformasi energetika, transport, infratuzilma, muhim minerallar va yuqori texnologiyalar sohalaridagi istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning muhim minerallarni qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha AQSH bilan hamkorligi sanoatni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Samarqanddagi uchrashuvning asosiy vazifalaridan biri erishilgan kelishuvlarni aniq loyihalarga aylantirish, xususiy investitsiyalarni jalb qilish va biznes uchun qulay sharoitlarni kengaytirishdan iborat.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi