O‘zbekiston hamda Turkmaniston kitob nashri va poligrafiya sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi
Noyabr 03, 2026. 14:30 • 2 daq
• 40
ASHXOBOD, 3-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ravshanbek Alimov Turkmaniston Davlat nashriyot xizmati raisi Mahmat Chariyev bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida tomonlar kitob nashri, poligrafiya va madaniy-gumanitar almashinuv sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar. Ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va strategik munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani qayd etilib, nashriyot va poligrafiya korxonalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Mahmat Chariyev Davlat nashriyot xizmati faoliyati, kitob nashrini rivojlantirish, poligrafiya tarmog‘ini modernizatsiya qilish va ommaviy axborot vositalari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘zlab berdi. Hozirda mazkur tashkilot ijtimoiy-siyosiy, badiiy, ilmiy va bolalar adabiyotini, shuningdek, zamonaviy poligrafiya mahsulotlarini nashr etmoqda.
Mahkama rahbari O‘zbekistonning yetakchi nashriyotlari va poligrafiya korxonalari bilan aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirib, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.
Uchrashuvda o‘zbek va turkman klassik hamda zamonaviy adabiyoti namunalarini ikki mamlakat tillariga tarjima qilish va nashr etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, qo‘shma kitob ko‘rgazmalari va yarmarkalarini tashkil etish, kasbiy tajriba almashinish hamda poligrafiya ishlab chiqarishiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish yuzasidan fikr almashildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi