Nurota tog‘larida bronza davriga oid manzilgoh va qoyatosh suratlari topildi

Noyabr 03, 2026. 14:00 • 2 daq

• 84
Nurota tog‘larida bronza davriga oid manzilgoh va qoyatosh suratlari topildi

LONDON, 3-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistondagi Nurota tizmasidan qadimiy qoyatosh suratlari va bronza davriga oid manzilgoh qoldiqlarini topildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri Britaniyaning “Heritage Daily” ilmiy onlayn-nashriga tayanib.

“O‘zbekistondagi Nurota tog‘larida yangi arxeologik kashfiyotlar qilindi” sarlavhali maqolada qayd etilishicha, ushbu topilmalar 2026-yil oktabr oyida Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumani tog‘ va tog‘oldi hududlarida o‘tkazilgan qidiruv-razvedka ishlari chog‘ida aniqlangan.

Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti tadqiqotchilari bir nechta qoyatosh osti panagohlarining devorlari va shiftlarida tabiiy oxra yordamida chizilgan rasmlarni topishdi. Suratlar Egrijarsoy, Xo‘jasoy (Badimin), G‘alajinsoy va Sumbulsoy hududlaridan topilgan. Ular taxminan mezolit va neolit davrlariga oid bo‘lishi mumkin, biroq ularning aniq yoshini aniqlash qo‘shimcha ilmiy tadqiqotlarni talab etadi.

Bundan tashqari, Pang‘at hududidagi uchta uchastkadan bronza davriga oid sopol parchalari topildi. Qo‘moqli qishlog‘idan taxminan 700–800 metr sharqda arxeologlar qidiruv shurfini qazishdi. Natijada qalinligi 60 santimetr bo‘lgan, ko‘plab sopol parchalari va hayvon suyaklari qoldiqlarini o‘z ichiga olgan bronza davri manzilgohi aniqlandi.

Tadqiqotchilarning fikricha, mazkur topilmalar Nurota tog‘larining qadimda o‘zlashtirilishi hamda mintaqadagi qadimgi jamoalar o‘rtasidagi madaniy aloqalar taraqqiyoti haqida qimmatli ma’lumotlar berishi mumkin. Obyektlarni, xususan, bronza davri manzilgohini batafsil o‘rganish uchun keng ko‘lamli arxeologik qazishma ishlarini olib borish tavsiya etildi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish