Buyuk Britaniya bilan sud-huquq sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda
Iyul 31, 2026. 08:10 • 2 daq
• 84
LONDON, 31-iyul. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmanov Angliya va Uels Apellyatsiya sudi raisi, fuqarolik sudlov tizimi rahbari ser Joffri Charlz Vos bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi sud-huquq tizimidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.
Joffri Charlz Vos O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, xususan, sud hokimiyatining mustaqilligini taʼminlash, odil sudlov sifatini oshirish hamda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini samarali himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi.
U Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish tashabbusini olqishlab, mazkur markazning mamlakat investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xalqaro biznes uchun qulay huquqiy muhit yaratish va zamonaviy moliyaviy xizmatlar bozorini shakllantirishdagi muhim ahamiyatini taʼkidladi.
Angliya va Uelsning umumiy huquq tamoyillarini qo‘llash xalqaro investorlar ishonchini mustahkamlash, tijorat nizolarini hal etishning samarali mexanizmini joriy etish hamda markazning raqobatbardoshligini taʼminlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida Buyuk Britaniya bilan O‘zbekiston o‘rtasida sudyalar malakasini oshirish, sud tizimida raqamlashtirish jarayonlarini kengaytirish hamda huquqiy institutlarni mustahkamlash bo‘yicha tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi