O‘zbekiston va BAA ijtimoiy-gumanitar sohalarda hamkorlik loyihalarini amalga oshirishga kelishib oldi
Iyul 30, 2026. 20:15 • 2 daq
• 5
ABU-DABI, 30-iyul. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimiz diplomatlari Sharja xalqaro xayriya jamiyati raisi o‘rinbosari Muhammad Rashid Beyat bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muloqot chog‘ida SCI rahbariyatiga O‘zbekistonda so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijtimoiy xizmatlarning shaffof va raqamlashtirilgan yangi tizimi hamda inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlari haqida batafsil maʼlumot berildi.
Shuningdek, yurtimizda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan ustuvor grant loyihalari taqdimot qilindi. Ushbu loyihalar taʼlim, sog‘liqni saqlash, ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Muzokara yakunida tomonlar amaliy hamkorlikning keyingi bosqichlari bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Jumladan, SCI grant mablag‘lari ajratilishi mumkin bo‘lgan loyihalarni saralab oladigan bo‘ldi.
Shu bilan birga, tegishli kelishuvlarni imzolash maqsadida SCI rahbariyati va mutaxassislarining 2026-yil sentyabr–oktyabr oylarida O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishib olindi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi ijtimoiy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, mamlakatimizda aholining turmush darajasini oshirishga qaratilgan ijtimoiy loyihalar uchun xalqaro grant mablag‘larini jalb qilishda muhim qadam bo‘ldi.
SCI 1989-yilda Sharja amiri shayx Sulton bin Muhammad Al Qosimiy tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda BAAning eng yirik xayriya tashkilotlaridan biri hisoblanadi. Tashkilot ijtimoiy himoya, taʼlim, sog‘liqni saqlash hamda infratuzilmani rivojlantirish sohalarida dunyoning 100 dan ortiq mamlakatida gumanitar loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi