NamDU pedagoglari Malayziyaning nufuzli universitetlari tajribasi bilan tanishdi
Iyul 31, 2026. 09:00 • 2 daq
• 54
KUALA-LUMPUR, 31-iyul. /“Dunyo” AA/. Namangan davlat texnika universiteti (NamDU) rektori Oybek Ergashev boshchiligidagi delegatsiya xizmat safari bilan Malayziyada bo‘ldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tashrif chog‘ida Malayziyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalari – Malayya universiteti, MARA texnologiya universiteti (UiTM) va Pahang Sulton Abdulloh universiteti (UMPSA) rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Muzokaralarda oliy taʼlim, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi. Tashrifning asosiy natijalaridan biri sifatida UiTM bilan uch yil muddatga mo‘ljallangan yangi hamkorlik memorandumi imzolandi.
Tomonlar sunʼiy intellekt va “smart” ishlab chiqarish sohasida qo‘shma laboratoriya tashkil etish, “yashil” texnologiyalar va barqaror muhandislik yo‘nalishida ilmiy markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
Shu bilan birga, dual PhD dasturlarini joriy etish, doktorantlar uchun ikki tomonlama ilmiy rahbarlik tizimini yo‘lga qo‘yish hamda xalqaro grantlar asosida qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha fikr-mulohaza almashildi.
Safar davomida delegatsiya aʼzolari UMPSAning Quyosh tadqiqotlari instituti, Sunʼiy intellekt va maʼlumotlar tahlili instituti hamda qator ilmiy laboratoriyalar faoliyati bilan tanishdi. Uchrashuvlar davomida zamonaviy ilmiy infratuzilmani takomillashtirish, innovatsion ishlanmalarni joriy etish va tadqiqot faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha Malayziya tajribasi o‘rganildi.
Delegatsiya vakillari IX Xalqaro funksional materiallar va qurilmalar konferensiyasi (ICFMD–2026)da qatnashib, xalqaro ekspertlar bilan muloqot qildi. Suhbat davomida universitetlararo hamkorlikni kengaytirish, ilmiy loyihalarni birgalikda amalga oshirish va innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi